O‘zbekiston | 22:07 / 06.08.2021
130064
4 daqiqa o‘qiladi

“Farzandlari va nabiralari qilgan ishlarning Karimovga aloqasi yo‘q” - Lola Karimova qizining ochiq surati haqida

Lola Karimova-Tillayeva qizi Maryamning ishtonsiz holdagi surati tarqalganiga munosabat bildirdi. U birinchi prezidentning avlodlari qilayotgan ishlarni Islom Karimov bilan bog‘lamaslikni so‘ragan.

Lola Karimova-Tillayeva turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev bilan Kann kinofestivalida. 2016 yil 16 may.
Foto: Andreas Rentz / Getty Images for The Harmonist

Birinchi prezident Islom Karimovning kenja farzandi, AQShda yashayotgani aytiladigan Lola Karimova-Tillayeva qizi Maryamning yarimyalang‘och holdagi surati atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirdi. U har kim o‘zi uchun javob berishini ta'kidlagan.

“Men sizlardan tinchlanib, hech qachon uchratmagan, bilmagan, sizga begona bo‘lgan insonlarning hayotini yuragingizga bunchalik yaqin olmasligingizni so‘rayman.

To‘g‘ri, sizlar otam Birinchi Prezident Islom Karimovni xotirlab, uni hurmat qilasizlar va otam bunday xotira va hurmatga loyiq insonlar. Ular butun umrlarini xalqlariga bag‘ishlagan edilar. Birinchi Prezidentning farzandlari, nabiralari va boshqa qarindoshlari uning xalq oldidagi xizmatlariga mutlaqo aloqalari yo‘qdir, va Birinchi Prezidentning ham ularning hayotiga aloqasi yo‘qdir, ular hayotdan ko‘z yumganlariga besh yil bo‘ldi.

Islom Karimov bu juda katta nom, va uning avlodlari o‘zining yaxshi va yomon xislatlariga ega bo‘lgan shunchaki oddiy insonlar va har biri o‘z hayoti bilan yashaydi. Ularning hayotlari faqat ularning o‘zlarigagina tegishlidir – ular yaxshi ish qiladilarmi yoki yomon ish qiladilarmi, sharmanda bo‘ladilarmi yoki o‘zlarini munosib ravishda tutadilarmi – bu faqat ularning ishlari va huquqlaridir, va buning uchun faqat o‘zlarigina javob beradilar.

Men bu va u dunyoda har birimiz Alloh oldida qilgan amallarimiz uchun javob berishimizga ishonaman. Shuning uchun, keling, har bir inson qilgan ishlari uchun unga Yaratganning O‘zi hukm chiqarsin, ular qanday o‘zlarini tutishlaridan va kim bo‘lishlaridan qat'i nazar”, – deya yozadi Lola Tillayeva.

U bevosita qizining surati masalasiga to‘xtalarkan, Maryam voyaga yetgan mustaqil inson ekanini aytib, uning hayotini muhokama qilmaslikni so‘ragan.

“Mening qizim Maryam 22 yoshda va u butun ongli hayotini chet elda o‘tkazgan, va har bir inson kabi hayot to‘g‘risida uning o‘z tushunchalari bor – nima mumkin-u, nima mumkin emas, nima chiroyli-yu nima jirkanch. Har bir inson kabi u o‘z hayoti va amallari uchun o‘zi javob beradi, va u qilgan ishlar faqat uni o‘zining hayotigagina ta'sir ko‘rsatadi.

Men onasi sifatida uni ma'qullashim yoki ma'qullamasligim mumkin – bu mening ishim, ammo u o‘zini qanday tutishi uchun butun mas'uliyat faqat uni o‘zining zimmasida yotadi. Bunga Prezident Karimovning aloqasi yo‘qdir. Karimov – o‘zining butun borlig‘ini o‘z ishiga bag‘ishlagan inson edi. U faqat o‘z xalqi haqidagi fikrlar bilan hayot kechirgan. U o‘z xalqining manfaatlarini o‘zining shaxsiy yoki oilasining manfaatlaridan ustun qo‘ygan inson edi. Va shu tufayli, bu inson uni uning o‘zi qilgan ishlari asosida xotirlab, hukm chiqarishlariga munosib. Uning farzandlari va nabiralari qilgan ishlarni bunga aloqasi yo‘qdir.

Agar qizim shunchalik jig‘ingizga tegayotgan bo‘lsa, unda unga qaramang. Siz o‘zingiz yoqtirgan amallar, sizga quvonch olib keladigan ishlar bilan shug‘ullaning. O‘zga insonning hayotidan jahlingiz chiqib, uni qoralash va g‘iybatlashishdan ko‘ra muhimroq narsa nahotki bo‘lmasa?” – deya yozdi Lola Karimova- Tillayeva.

Mavzuga oid