Navoiyda haydovchidan pora olmoqchi bo‘lgan transport boshqarmasi inspektorlari ozodlikdan mahrum qilindi
Navoiyda noqonuniy yo‘lovchi tashiyotgan haydovchidan pora olib ishni yopmoqchi bo‘lgan transport boshqarmasi inspektorlari ozodlikdan mahrum qilingan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, J.S. Navoiy viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilib, Navoiy viloyati Transport boshqarmasida inspektor vazifasida ishlovchi A.X. va A.K. noqonuniy yo‘lovchi tashiyotgan haydovchilarni aniqlab, ularga nisbatan chora ko‘rmaslik evaziga 500 mingdan 1,5 million so‘mgacha pora so‘rayotganini ma'lum qilgan.
J.S. o‘z arizasida mazkur shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishda shartli ravishda shaxsan ishtirok etishini bildirgan. Ushbu ariza yuzasidan tezkor tadbir rejasi tuzib chiqilgan. Shundan so‘ng pul va ovoz yozish uskunalari bilan ta'minlangan J.S. boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashina ikki nafar fuqaroni yo‘lovchi sifatida olib, «Zarafshon — Toshkent» yo‘lining «Samarqand» muntazam yo‘l-patrul xizmati maskaniga yetib kelganida Transport boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.
Transport boshqarmasi inspektori A.X. haydovchidan hujjatlarni olib, undan kimlarni olib ketayotganini so‘raganda J.S. yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishini aytib, yordam berishni iltimos qilgan.
Uzoq vaqt savdolashilgandan so‘ng, A.X. 1 million so‘m evaziga J.S.ni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan. Pulni olish chog‘ida A.X. va uning sherigi A.K. huquqni himoya qilish xodimlari tomonidan ushlangan. J.S.dan olingan 1 million so‘m ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Qayd etilishicha, dastlabki surishtiruv va tergov chog‘ida A.X. va A.K. haydovchidan pora olish masalasida u bilan oldindan til biriktirmagani, haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma yozish kerakligini aytganini ro‘kach qilib, jazodan qutulib qolmoqchi bo‘lgan. Ammo diktofonga yozib olingan ovozlar ularni fosh qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchilar A.X. va A.K. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sud hukmi bilan ularga tegishli muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Bundan tashqari, ular tegishli muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etilgan.
Mavzuga oid
16:59 / 17.11.2024
Energiya resurslaridan qarzdorlikni yo‘q qilib berishni va’da qilgan gazchi va hisobchi ushlandi
14:48 / 17.11.2024
Farg‘onada IIB xodimiga 3000 dollar pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi
13:46 / 14.11.2024
Sirdaryoda haydovchidan pora olgan YPX xodimi qamaldi
18:44 / 12.11.2024