Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Messisiz «Barselona» qanday bo‘ladi?
Messi kabi futbolchining (garchi unday futbolchi boshqa yo‘q) jamoani tark etishi tabiiyki, juda katta yo‘qotish, hamda klub ambitsiyalari, sovrinlar uchun kurashishida o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Zero, ayniqsa, so‘nggi yillarda «Barselona»dagi samarali hujumlarning aksariyatida Messining bevosita ishtiroki mavjud. Uzoqqa bormasdan, Krishtianuning «Real»ni tark etishi jamoa o‘yiniga, sermahsulligiga qay darajada ta'sir qilganini ham eslash mumkin.
Lekin hammasi shu darajada og‘irmi? Tarkibda yana bir qator taniqli futbolchilardan iborat «Barselona»dan yuqori natijalar kutishga haqqimiz yo‘qmi?
Ko‘pincha biz Messining «Barselona» natijalariga ta'sir ko‘rsatadigan gollarini va assistlarini ko‘ramiz, o‘sha raqamlar uning jamoaga bo‘lgan ahamiyatiga baho berishda asosiy o‘ringa chiqib qolaveradi. Lekin zamonaviy futbolda bulardan tashqari, jamoaviy to‘psiz harakat, pressing kabi talablar ham borki, hatto bu faktorlar birinchi darajaga ham chiqib qolmoqda. Chempionlar Ligasida yulduzli, dunyoning eng yaxshi futbolchilari to‘p suradigan emas, asosan murabbiylik loyihalari g‘alaba qozonmoqda. Misol uchun, «Chelsi» YeChLning so‘nggi g‘olibi, lekin tarkibida «Oltin to‘p»ni ishonch bilan taqdim etish mumkin bo‘lgan futbolchilar yo‘q. Katta ehtimol bilan yaqin yillarda futbol mana shu yo‘nalishda ketishini taxmin qilsak, Messining ketishi klub uchun yangi davrni, balki yangi g‘alabalarni boshlab berish debochasi bo‘lishi ham mumkin.
Hammasi to‘g‘ri paytda amalga oshdi

«Barselona»ning mana shunday qiyin moliyaviy holatga tushib qolishiga nafaqat pandemiya, balki so‘nggi yillardagi noto‘g‘ri boshqaruv qarorlari va transferlar ham sabab bo‘lgan. Klub hal qiluvchi o‘yinlarda asosiy tarkibda tushmayotgan Dembele, Koutino, Grizmann kabi futbolchilarning o‘ziga 300 milliondan ortiq pul sarfladi. Bunday xatolar bir kun qayerdandir yorib chiqishi aniq edi va shunday bo‘ldi ham. Messining ketishi Laporta davrining boshiga to‘g‘ri kelayotgani esa, klubning keyingi faoliyatida bosimni kamaytiradi.
O‘tgan yili Messining ketish qarori qanday oqibatlarga olib kelgani, klub fan-bazasida salkam inqilob boshlaganini yaxshi eslasangiz kerak. Hozirda Messi hatto o‘z istagiga qarshi tarzda ketishga majbur bo‘lsa-da, u darajada kayfiyatni ko‘rmaymiz. Chunki o‘tgan yilgi holatga to‘liq javobgar shaxs – Bartomeu klub boshqaruvida edi. Asosiy aybdor ham, vaziyatni tuzatishi lozim bo‘lgan shaxs ham, Messining dushmani ham Bartomeu bo‘lib, barcha nafrat unga qaratilgan. Hozir aksincha, Laporta bemalol bugungi vaziyat uchun istasa Bartomeu siyosatini, istasa La Liganing moliyaviy feyr pleyini ayblab, «oppoq» prezident sifatida yangi davrni boshlay oladi. Klubning qiyin moliyaviy ahvolida ham, Messining ketishida ham deyarli aloqasi bo‘lmagan shaxs sifatida vaziyatni o‘nglashga kirishadi. O‘tgan yildan farqli ravishda, Laportada Messi ketganidan tushkunlikka tushgan, yomon kayfiyatdagi jamoa emas, yosh, yetilib borayotgan va o‘zini isbotlash uchun yangi mavsumni kutayotgan motivatsiyali jamoa bo‘ladi. Bemalol aytish mumkinki, Pike, Alba yoki Buskets kabi futbolchilarning jamoa muhitidagi va maydondagi o‘rni oldingidek yuqori emas.
Umuman, bunday vaziyatdan chiqib ketish va yangi loyihalarni ishga tushirish borasida Laportaning muvaffaqiyatli tajribasi borligini ham unutmaslik kerak. Aynan uning davrida Ronaldino, Deku, Eto’O kabi eski davr yulduzlariga javob berilib, yangi «Barselona» paydo bo‘lgan.
Fati va Pedri
O‘tgan mavsum boshidagi Messi mashmashalari va prezident saylovlari qaysidir ma'noda Kumanni bosimdan xalos qildi va jamoada yangi nomlar paydo bo‘ldi. Ansu Fati Messi bilan bir tarkibda ham juda yorqin o‘yinlar ko‘rsata boshlagan va bir qator rekordlar qayd etgandi. Uzoq muddatli jarohat tufayli safdan chiqqan Ansu asta-sekin maydonga qaytmoqda va katta ehtimol bilan jamoadagi eng muhim ijrochilardan biri bo‘ladi.
Yana bir nom – Pedri. U Fati kabi goleador emas, ilk qarashda o‘yini ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Avvaliga mehnatkashligi bilan e'tibor qozona boshlagan futbolchi mavsum oxirida ham «Barselona», ham Ispaniya terma jamoasida almashtirib bo‘lmas o‘yinchiga aylanganini payqamay ham qoldik. Messining ketishi ushbu yosh futbolchilarga mas'uliyatni qo‘lga olish, bosimni his qilishni ham o‘rgatadi va balki ularning o‘sib borishida bu voqea foydali bo‘lib chiqishi ham hech gap emas.
Shu yozda jamoa safiga kelib qo‘shilgan Memfis Depay uchun ham yaxshi imkoniyat. O‘z vaqtida «Manchester Yunayted»da muvaffaqiyatsiz to‘p surgach, faoliyatida pasayish kuzatilgan Memfis «Lion»da avvalgi sport formasini tikladi, Niderlandiya milliy jamoasida ham yetakchiga aylanadi. «Barselona» uning faoliyatidagi ikkinchi superklub, demak, yana bir katta imkoniyat. Shuningdek, Antuan Grizmann hali ham dunyoning ko‘zga ko‘ringan yulduzlaridan biri bo‘lib qolmoqda va Messisiz nihoyat biz Madriddagi Grizmanni ko‘rishimiz mumkin.
Dembele, De Yong... umuman, Messining ketishi juda ko‘p futbolchilar uchun yangi shartlar va sharoitni taqdim etadi va bu ularning foydasiga ham ishlashi mumkin.
Xavi qaytishi mumkin
Yuqorida Yevropa maydonlarida murabbiylik loyihalari ko‘proq g‘alaba qozona boshlagani haqida aytdik. Rostdan ham to‘psiz jamoaviy harakatlar, raqib ustunliklarini yo‘qqa chiqarish ustida ishlash futbolda natija ko‘rsatish uchun asosiy qurollarga aylanmoqda hamda individual yulduzlar bilan murabbiylar o‘ziga xos qiyinchilikka duch kelmoqda.
«Barselona»da Pep davri tugagandan beri, asosan individual mahoratga tayanilgan futboldan boshqasiga iloj qolmayotgandi. Enrike ham, Valverde yoki Kuman ham, baribir o‘yinini ma'lum futbolchilarning kamchiliklarini e'tiborga olgan holda qurishga majbur bo‘ldi. Ba'zida bu qurbonliklar ish berdi, «Barselona» goh La Ligani, bir marta Chempionlar Ligasini ham yutdi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, agar Messi yoki Suares kerakli pallada qutqara olishmasa, natija ma'lum, murabbiylar raqibga qarshi boshqa muqobil qarshilik taqdim eta olmadi. «Barselona» YeChLda oxirgi yillarda faqat yirik hisobda («Yuventus», «Roma», «Liverpul», «Bavariya», «PSJ») yutqazib chiqayotganiga e'tibor bering – bularning hammasi yuqori darajadagi qarshilik bo‘lganida «Barselona» faqat Messining individual mahoratiga tayanishi, boshqa struktura topa olmasligini isbotlaydi. Axir tasodif qatorasiga besh yil takrorlanishi mumkin emas, to‘g‘rimi?
Xullas, «Barselona» allaqachon loyihaga muhtoj va Messining ketishi nafaqat bunga yo‘l ochadi, balki endi agar jamoa yuqori sovrinlar uchun kurashishni istasa, boshqa yo‘l ham qolmaydi. Majbur. Chunki Yevropa futbolida urg‘ular o‘zgardi, dunyoning eng zo‘r futbolchilari endi Ispaniya grandlarida emas, APL da yoki «PSJ»da to‘planishmoqda. Messini ushlab qololmagan klub tarkibini top-yulduzlar bilan to‘ldirishi imkonsiz. Demak, faqat murabbiylik loyihasi, mana shu loyiha doirasida yetishib chiqadigan yulduzlar «Barselona»ni yana raqobatbardosh ko‘rinishga qaytarishi mumkin.

Laportada buning uchun variant allaqachon mavjud – Xavi. U aqlli, kamida Pirlodan ko‘ra, shuning uchun Messi bor jamoaga kelib, o‘z jamoasini qura olmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham u ikki marta klubga rad javobini bergan va ba'zi manbalarga ko‘ra, Xavi Messi ketsagina, boshqaruvni qo‘lga olishi mumkinligini aytgan ham.
Balkim, klub allaqachon Xavi bilan aloqaga chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Katta ehtimol bilan biz Kuman ostida «Barselona» Messisiz nimalar qila olishi mumkinligini tomosha qilamiz, yuqorida tilga olingan yosh yulduzlar yanada kattaroq kuchga aylanishar. Keyin esa, Xavi yoki boshqa «g‘oyaviy katalon» murabbiy bilan yangi «Barselona»ni kutib olamiz.
Yangi jamoa Messini unuttira olmaydi, to‘g‘ri, lekin Messidan oldin ham Barselonada kuchli jamoalar bo‘lganini eslatar...?
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
10:44 / 26.05.2025
Hakamning xatosi «Aston Villa»ni, «Yuventus»ning penaltisi «Roma»ni YeChLsiz qoldirdi. Kun o‘yinlari
11:33 / 19.05.2025
«Roma» «Milan»ni yengdi va YeChL uchun kurashda qoldi, «Barsa» sovrin olgan kunida yutqazdi. Kun o‘yinlari
09:37 / 16.05.2025
«Barselona» - Ispaniya chempioni! Yamal «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogar
21:21 / 11.05.2025