Sport | 21:10 / 13.08.2021
14412
2 daqiqa o‘qiladi

Karlush Keyrush O‘zbekiston MJga bosh murabbiy bo‘lish taklifini rad etgani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) milliy terma jamoaga yangi murabbiy tanlashda portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrush bilan ham muzokara o‘tkazgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda O‘FA media bo‘limi rahbari Davron Fayziyev ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

«Futbol muxlislari Srechko Katanetsning murabbiy bo‘lish ehtimoli haqidagi xabarni umumiy olganda ancha iliq qabul qilishdi. Yevropa va Osiyoni ko‘rgan, bilgan mutaxassis. Jahon va Yevropa chempionatiga chiqqan. Ishlagan joylarida barqaror faoliyat olib borgan. Iroq bilan o‘sishga erishgan. Eron bilan raqobatda ustunlik qilgan. 

Shu bilan birga ko‘pchilik terma jamoa murabbiyligi borasida Karlosh Keyrush nomini tilga olmoqda. Ya'ni nomzodlar orasida uning tayinlovini kutganlar bor ekan. O‘FA ko‘plab nomzodlar qatorida Keyrush bilan ham aloqaga chiqqan. U oilaviy sabablar bilan Mozambikda ekani va ayni vaqtda milliy jamoani qabul qila olmasligini bildirgan», - deya yozadi Davron Fayziyev telegramdagi kanalida.

Ma'lumot uchun, portugaliyalik tajribali mutaxassis Karlush Keyrush 2018 yilda ham, Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi ekanida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilgan, ammo u bilan kelishuvning imkoni bo‘lmagach, O‘zbekistonga argentinalik mutaxassis Ektor Kuper olib kelingandi.

Muqaddam «Real», «MYu» klublarida, Portugaliya, BAA, JAR kabi termalarda ham faoliyat yuritgan Keyrush 2019 yilda Eronni tark etib, Kolumbiya milliy jamoasini boshqargan, 2020 yilda bu jamoadan ham iste'foga chiqarilgandi. 68 yoshli mutaxassis hozirda ishsiz.

Eslatib o‘tamiz, 12 avgust kuni O‘FA O‘zbekiston terma jamoasiga sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanets bosh murabbiy bo‘lishini ma'lum qildi. Sentyabr oyida uning boshqaruvidagi ilk o‘rtoqlik o‘yini Stokholmda Shvetsiya termasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid