O‘zbekiston | 09:21 / 17.08.2021
9799
2 daqiqa o‘qiladi

«Biznes ahli haqida faqat soliqlarni to‘lash va tekshirishlar paytida eslaydigan zamonlar o‘tib bo‘ldi» - Prezident

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga intervyu berdi. Davlat rahbari suhbat davomida O‘zbekistonda kichik va xususiy biznes sub'yektlari soni keyingi paytda ikki barobar ko‘payganini aytib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati (arxiv)

“Ushbu tarmoqdagi 50 foizdan ziyod korxonalar faqat keyingi uch yilda tashkil etilgan. Bu esa mamlakatimizda muhim ijtimoiy qatlam – o‘rta sinfning kuchayishi uchun puxta zamin bo‘lmoqda.

Shuning uchun ham biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish barcha iqtisodiy islohotlarning bosh masalasi bo‘lib qolmoqda. Tadbirkorlar ularni qo‘llab-quvvatlash haqidagi chiroyli so‘zlarni ko‘p eshitgan, endi bu gaplarning amaliy ta'siri va natijasini o‘z kundalik faoliyatida his etishi kerak.

Biznes ahli haqida faqat soliqlarni to‘lash va tekshirishlar paytida eslaydigan zamonlar o‘tib bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan, soliq qonunchiligini maqbullashtirish borasida biz ancha ish qildik, lekin hali oldimizda yanada katta vazifalar turibdi va biz ularni albatta amalga oshiramiz.

Ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlar ishiga aralashish, “telefon huquqi”dan foydalanib, ularga tazyiq o‘tkazish holatlari uchrab turgani ham bor gap. Biz bunday muammolarga uzil-kesil nuqta qo‘yish ustida ishlayapmiz. Agar biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, xususiy korxonalar sonini ko‘paytirmasak, shahar va tumanlarning mahalliy budjeti nochor ahvolda qolaveradi.

Barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak: tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yo‘li, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning pirovard maqsadidir”, dedi prezident.

Mavzuga oid