O‘zbekiston | 09:33 / 17.08.2021
16092
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda» 

Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Davlat rahbarining “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyuda aytishicha, kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqish kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega bo‘lishi lozim.

“Albatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.

Misol uchun, ko‘pqavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e'lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko‘pchilikni ranjitmoqda. Ba'zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti.

Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi”, dedi prezident.

Mavzuga oid