O‘zbekiston | 09:24 / 17.08.2021
11107
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash tizimida 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan

Sog‘liqni saqlash tizimida o‘tgan yilning o‘zida 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlaridir. O‘tgan yilning o‘zida tizimda 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi. Shuning uchun bu sohada ta'sirchan nazorat tizimini o‘rnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir. Har bir inson o‘z sog‘ligi haqida avvalo o‘zi o‘ylashi, g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun yer yuzida, jumladan, yurtimizda ham davom etayotgan hozirgi paytda buning ahamiyati beqiyosdir.

Shu bois beparvolikka, loqaydlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q. Koronavirus hali ham yonimizda, biz bilan birga yashamoqda. Shuning uchun mamlakatimizda tegishli tibbiyot markazlari, dori-darmon va himoya vositalarining yetarli zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan uzluksiz ta'minlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Yurtimizda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi”, dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid