Jahon | 10:01 / 19.08.2021
10723
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarni xaos yuzaga keltirmasdan olib chiqish ilojsiz bo‘lganini aytdi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden ABC telekanaliga bergan intervyusida Afg‘onistondan amerikalik harbiylarni xaos yuzaga keltirmasdan olib chiqish ilojsiz bo‘lganini aytdi. Uning ta'kidlashicha, “AQSh harbiylari “afg‘on kuchlarining o‘zi ham olib borishni istamayotgan urushda kurashishga va halok bo‘lishga majbur emas”.

“Biz hali ortga qaytib, hammasini tahlil qilishimiz kerak. Biroq qo‘shinni xaos yuzaga keltirmasdan olib chiqishning iloji borligi haqidagi fikrga kelsak, buni qanday amalga oshirish mumkinligini bilmayman”, deb aytgan prezident.

U “Vashington razvedka ma'lumotlarini yig‘ishda, qo‘shinlarni olib chiqishni rejalashtirishda va uni amalga oshirishda muvaffaqiyatsizlikka yo‘l qo‘ymadimi?” degan savolga bunday o‘ylamasligini aytdi. U AQSh razvedkasi Afg‘onistondagi hokimiyat yil oxirigacha qulashi mumkinligini taxmin qilganini, biroq bu borada aniq fikr bo‘lmaganini aytdi.  

Baydenning ta'kidlashicha, AQSh Afg‘onistondan amerikalik fuqarolarni evakuatsiya qilishga ulgurmasa, unda u yerda o‘z qo‘shinlarini 31 avgustdan keyin ham qoldiradi.

Avvalroq Afg‘onistonda amerikalik harbiylar soni 7 minggacha yetkazilishi ma'lum bo‘lgandi. Vashingtonda ta'kidlanishicha, harbiylar oldida turgan yagona vazifa amerikaliklar va ularga yordam bergan afg‘onlarni Afg‘onistondan olib chiqish hisoblanadi.  

“Amerikaliklar bu jarayonni 31 avgustgacha yakunlamoqchi bo‘layotganimizni tushunishlari kerak. Agar u yerda bu sanadan keyin ham amerikalik fuqarolar qolsa, unda biz ularning barchasini olib chiqish uchun u yerda qolamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan AQSh rahbari.

Baydenning aytishicha, AQSh amerikaliklar va ularning ittifoqdoshlarini olib chiqish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qiladi. Uning ta'kidlashicha, AQSh Afg‘onistondan 10-15 mingga yaqin o‘z fuqarolaridan tashqari, 50-65 ming afg‘onni olib chiqmoqchi. Prezident evakuatsiyani kuniga 5-7 ming kishigacha tezlashtirishga muvaffaq bo‘linsa, qo‘shinlar Afg‘onistondan avgust oxirigacha olib chiqilishini qo‘shimcha qilgan.      

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Baydenning reytingi Afg‘onistonda hokimiyatni toliblar egallagandan keyin 53 foizdan 46 foizgacha tushib ketdi. Ta'kidlanishicha, Bayden faoliyati u AQSh prezidenti lavozimini egallab kelayotgandan beri birinchi marta bunday past baholanmoqda.

Mavzuga oid