Jahon | 09:14 / 19.08.2021
45371
4 daqiqa o‘qiladi

“Men sotqin emasman” - Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etgandan keyin ilk murojaat bilan chiqdi

Foto: Getty Images

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgandan keyin afg‘on xalqiga birinchi murojaati bilan yuzlandi. U Afg‘onistonga qaytishga va'da berdi va mamlakatdan katta miqdorda pul bilan qochib ketgani haqidagi axborotni rad etdi
 
G‘ani Facebook’dagi sahifasi orqali qilgan videomurojaatida mamlakatni tark etganini qon to‘kilishiga yo‘l qo‘yishni istamagani bilan tushuntirgan. 
 
G‘anining aytishicha, Afg‘onistonda unga qarshi suiqasd tayyorlangan va uning hayoti xavf ostida bo‘lgan. Uni mamlakatni tark etishga qo‘riqlash xizmati ko‘ndirgan. “Tansoqchilarim toliblar poytaxtga kirganda to‘ntaruvga o‘xshash hodisa yuz berganini aytganda, men saroyda edim”, deb ta'kidlab o‘tgan Afg‘onistonning sobiq yetakchisi. 
 
U Afg‘onistonni o‘z mol-mulkining qatta qismini, jumladan  qimmatbaho kitoblarini va “maxfiy hujjatlar”ni tashlab tark etishga majbur bo‘lganini aytgan. 
 
G‘ani hozirda BAAda ekanini tasdiqladi. 
 
“Men hozirda BAAdaman, biroq yaqin orada mamlakatga qaytaman”, deb aytgan G‘ani va bu borada “muayyan odamlar bilan maslahatlashuvlar olib borayotganini” qo‘shimcha qilgan. Biroq u kimlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan.
 
Siyosatchining aytishicha, u toliblar bilan Kobul xavfsizligini ta'minlash va hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan. Uning ta'kidlashicha, toliblar Kobulga kirmaslikka va'da bergan, biroq poytaxtdagi prezident saroyini qurshab olgan.
 
G‘ani, shuningdek, mamlakatni katta miqdorda pul bilan tark etgani haqidagi ayblovlarni yolg‘on va “mutlaq asossiz” deb aytgan. “Meni o‘zim bilan pul olib ketganlikda ayblashmoqda. Buning barchasi yolg‘on, men mamlakatdan bir ko‘ylak, salla va tuflida ketdim va o‘zim bilan birga faqat bir sumkada bir nechtagina kitobni ololdim”, deb aytgan siyosatchi.  
 
U o‘zini sotqin deb hisoblamasligini aytdi hamda “mamlakatdan o‘z hayotini saqlab qolish va o‘z manfaatlari uchun qochib ketgani” haqidagi gaplarga ishonmaslikka chaqirdi. “Men o‘z vatanimni sotmadim va barchadan turli mish-mishlarga quloq solmaslikni iltimos qilib qolaman. Biz Kobul uchun tinchlikni va u vayron bo‘lmasligini xohlagandik. Men Afg‘onistondagi urush yakunlanishiga umid qilib qolaman. Qurolli kuchlarimiz ushbu muvaffaqiyatsizlik uchun javobgar emas, barcha javobgarlik siyosatchilar zimmasida”, deb ta'kidlab o‘tgan G‘ani. 
 
U afg‘onlar manfaatlari uchun kurashmoqchiligini qo‘shimcha qilgan.
 
Toliblar 15 avgustda Kobulga hech qanday qarshiliksiz kirdi va bir necha soat ichida poytaxt ustidan nazorat o‘rnatganini e'lon qildi. Shundan keyin Ashraf G‘ani qon to‘kilishiga yo‘q qo‘ymaslik uchun mamlakatni tark etayotganini ma'lum qilgan. 

Mavzuga oid