O‘zbekiston | 16:05 / 20.08.2021
29558
3 daqiqa o‘qiladi

«Adolatli mehnat qilsa, marhamat, boy bo‘lsin» - Prezident o‘tmishda tadbirkorlarga qilingan bosimlar va «maska shou»larni esladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida o‘tmishda badavlat tadbirkorlarga nisbatan «Maska shou»lar uyushtirilgani, endi bunday bo‘lmasligi, tadbirkorlar hisob raqamida qancha mablag‘ bo‘lsa bemalol ishlatishi mumkinligi, halol mehnat bilan boylik orttirgan tadbirkorlarning faoliyatiga hech qanday qarshiliklar bo‘lmasligi kerakligini ta'kidladi.

«Oldin bir million dollari bo‘lgan tadbirkorni «maska shou» qilib chaqirardi bir joyga... Kecha Hoshimov ham shu to‘g‘risida aytdi, lekin ochiqcha ayta olmadi.

Chaqirib «sen bu pulni qayerdan olding» deyilardi. Keyin u pul sandiqqa tiqilardi yoki birovga olib borib berilardi.

Mening niyatim - har bir tadbirkorning 10 million, 20 million, 100 million puli bo‘lsin... ochiq halol mehnat qilib, elga baralla ko‘rsatib, xalqqa xizmat qilib, bag‘rikeng tadbirkor bo‘lish uchun barcha imkoniyatlar ochiq.

Birov bu pulni qayerdan olding deb tekshirmaydi, adolatli mehnat qilsa, marhamat boy bo‘lsin.

Birinchi marta bu lavozimga kelganimda, xalqim prezidentlik vakolatini berganida, bitta gapni aytardim: Xalq boy bo‘lmasa, davlat hech qachon boy bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham», dedi prezident.

Toshkent shahridagi studiyalardan biridan Forumlar saroyi bilan bog‘langan tadbirkor, Dekos kompaniyasi rahbari, MFaktor loyihasi muallifi Hasan Mamasaidov prezidentga mamlakat bo‘ylab biznes-inkubatorlarini rivojlantirish haqida taklif bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, biznes-inkubatorlar uchun moliyaviy ko‘mak berish, hududlardan binolar ajratib, ijara uchun to‘lovlardan voz kechish kabi ko‘mak ko‘rsatish haqida mas'ullarga topshiriq berdi

«Men kecha ukangiz Husanning fikrlarini ham eshitdim. «Qo‘ylar oldiga bo‘rilar kelgani» haqida gapirdi. Men buni yaxshi tushundim. Qo‘rqmanglar, «bo‘rilar» tarixda qoldi, endi kelmaydi. Sizlarning tadbirkorlik sohasida ko‘nikmalaringizdan foydalanish kerak.

Qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, 10 mln.mi, 20 mln.mi, ajratib beraylik. O‘zingizga qulay institutdan bepul joy ham ochib beramiz. Sizlar «Biznes inkubator» yaratinglar, yoshlarimizni tadbirkorlikka bepul o‘qitaylik», dedi davlat rahbari.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid