O‘zbekiston | 18:43 / 23.08.2021
10358
2 daqiqa o‘qiladi

“Forish” poligonida xalqaro armiya o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida “ArMI–2021” VII Xalqaro armiya o‘yinlarining O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan ikki musobaqasi boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

22 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov tanlovni ochiq deb e'lon qildi va ishtirokchilarga omad tiladi.

Marosimda, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ham ishtirokchi davlatlar jamoalariga muvafaqqiyatlar tiladi.

Ma'lum qilinishicha, bu yilgi “ArMI–2021” o‘yinlari 31 yo‘nalishda 11 ta davlat hududida bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekistonlik harbiylar musobaqaning 24 ta yo‘nalishida bahslarga kirishgan.

Xalqaro armiya o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” hamda “Dala oshxonasi” musobaqalari O‘zbekiston hududida, Jizzax viloyatida joylashgan Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida bo‘lib o‘tmoqda.

“Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida jami 8 davlat – O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Belarus, Vetnam, Myanma, Falastin, Tojikiston vakillari qatnashmoqda.

“Dala oshxonasi” musobaqasida esa 5 davlat – O‘zbekiston, Vetnam, Rossiya, Belarus va Tojikiston jamoalari ishtirok etmoqda.

Ikki yo‘nalishdagi g‘olib jamoalar uchun sovg‘a sifatida ikkita “Gentra” avtomobili tayyorlab qo‘yilgan.

Poligonga tashrif buyurgan mehmonlar uchun “Dala oshxonasi” tanlovida ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar jamoalari tomonidan o‘z milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari namoyish qilindi.

 

Mavzuga oid