O‘zbekiston | 11:52 / 23.08.2021
5773
2 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston orqali 2 mingga yaqin chet el fuqarosi evakuatsiya qilingan – Sherzod Asadov

Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston orqali 2 mingga yaqin chet el fuqarosi evakuatsiya qilingan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV uchun an'anaviy brifingda ma'lum qildi. 

“O‘zbekiston prezidenti 17-18 avgust kunlari Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer va federal kansler Angela Merkel bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu suhbatlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar hamda mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari muhokama qilindi. Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e'tibor qaratildi.

Hozirgi kunda, bilasiz, Afg‘onistondan Germaniya fuqarolari, nemis tuzilmalarida ishlagan mahalliy xodimlar, va yordamga muhtoj afg‘onlar O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinmoqda. Bu davlatimiz rahbarining insonparvarlik, tinchliksevarlik siyosatining yana bir ifodasi bo‘ldi. Buning uchun Germaniya tomoni O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi. 

Muloqotda ikki mamlakatning pozitsiya va yondashuvlari mos ekani ta'kidlanib, oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Umuman, O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonda saqlanib turgan murakkab vaziyat munosabati bilan, chet ellik hamkorlarning murojaatlariga javoban, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga sodiqlik ruhida qator davlatlar bilan ularning fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish masalasi bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston hududi orqali 2 mingga yaqin chet el fuqarosi evakuatsiya qilingan”, dedi prezident matbuot kotibi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid