O‘zbekiston | 19:26 / 23.08.2021
9900
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev KXShT sammitida mehmon sifatida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 avgust kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan yig‘ilishda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Armaniston Respublikasi bosh vaziri Nikol Pashinyan va KXShT bosh kotibi Stanislav Zas qatnashdi.

Sessiyada qo‘shni Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat hamda mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

O‘zbekiston prezidenti uchrashuv ishtirokchilarini mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga ko‘maklashish, shu jumladan Afg‘oniston bilan davlat chegarasini ishonchli qo‘riqlash va himoya qilish borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qildi.

«Mamlakatimiz yetakchisi mintaqa davlatlarining aloqador tuzilmalari bilan Afg‘oniston borasida samarali hamkorlik va tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Sammit yakunida mintaqadagi vaziyat yuzasidan o‘zaro maslahatlashuvlar va muntazam axborot almashishni davom ettirishga kelishib olindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid