O‘zbekiston | 08:00 / 24.08.2021
6433
2 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘ondagi bog‘cha bolalarining salomatlik holati yuzasidan ma'lumot berildi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining kasallangan tarbiyalanuvchilari salomatlik holati yuzasidan ma'lumot berildi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotining intoksikatsiya sindromi belgilari bilan tibbiyot muassasalarida davolanayotgan tarbiyalanuvchilar salomatligi to‘g‘risida ma'lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 23 avgust 16:00 soat holatiga ko‘ra, bemor bolalardan qo‘shimcha 2 nafariga qoniqarli ahvolda uyiga ruxsat berildi.

Tibbiyot muassasalarida jami 5 nafar tarbiyalanuvchi davolanmoqda, 1 nafarining holati og‘ir, 1 nafarining holati o‘rta og‘ir, 3 nafar bemorning holati o‘rtacha baholanib, dinamikada sog‘aymoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Eslatib o‘tamiz, Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada 12 avgust kuni 25 nafar bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgandi. 13 avgust kuni tibbiyot muassasalariga yotqizilgan tarbiyalanuvchilar soni 30 nafarga yetgandi. 

Bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Mavzuga oid