O‘zbekiston | 09:00 / 25.08.2021
9395
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro davlat Tibbiyot instituti to‘rt yilda bir necha o‘n pog‘ona ilgariladi

Buxoro davlat Tibbiyot institutida magistratura mutaxassisligi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi. Madaniy-ma'rifiy tadbirda institut rektori, professor Shuhrat Teshayev so‘zga chiqib, oliy ta'lim tizimida magistratura bosqichining o‘rni va ahamiyatiga to‘xtaldi.

Tadbirda 52 nafar magistratura bosqichi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi.

Ma'lumot o‘rnida, hozirgi kunda Buxoro davlat Tibbiyot institutida 8 ta fakultet va 42 ta kafedra, 12 ta bakalavr va 24 ta magistratura yo‘nalishlari mavjud. Kelgusi o‘quv yilida yana 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavr va 6 ta magistratura ta'lim yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Tibbiyotda nanotexnologiya”, “Raqamli tibbiyot”, “Biologiya: bioinjiniring texnologiyalari”, “Biokimyo (tibbiyotdagi genetika)” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta'lim dasturlari sonining yanada ko‘payishi kutilmoqda. Hozirgi kunda institutda 5409 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilida yangi yo‘nalishlarning ochilishi natijada talabalar soni 6963 nafarga yetadi.

2020 o‘quv yilida Buxoro davlat Tibbiyot institutida 400 nafar chet ellik talaba tahsil oldi. Joriy o‘quv yilida esa Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Tukmaniston, Tojikiston, Ozarboyjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan 600 nafar talaba tahsil olmoqda. Yana bir muhim yutuqlardan biri Hindiston xalqaro Noida universiteti bazasida Buxoro davlat Tibbiyot instituti filialining ochilishi xorijlik talabalar sonining ortishiga xizmat qiladi.

Joriy yil yakuniga qadar institut ilmiy salohiyati 43,2 foizni tashkil etadi. Oliygohda 450 professor-o‘qituvchilar mehnat qilmoqda. Shundan 40 ta fan doktori, 160 ta fan nomzodi, 34 ta asosiy doktorant, 8 ta doktorant va 74 ta mustaqil tadqiqotchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Institutning besh nafar olimi xorijda dissertatsiya himoya qilgan.

Joriy o‘quv yilida institut bazasida 30 ta ilmiy ish himoya qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Mikrobiologiya va virusologiya” va “Yuqumli kasalliklar” mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy kengash tuziladi.

Buxoro davlat tibbiyot institutining 44 talabasi 2021 yilda respublika va xalqaro olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni egallab, nufuzli stipendiyalarga sazovor bo‘lishdi.

2021 yilda institutning yangi kampusi foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Unda talabalar shaharchasi, poliklinika va talabalar turar joylari qurilishi tugallanadi. Bu yerda molekulyar genetik laboratoriya, o‘quv va simulyatsiya markazi, dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yer ajratish, kichik ilmiy va amaliy-an'anaviy tibbiyot sohasida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zavod tashkil etiladi.

So‘nggi to‘rt yil ichida Buxoro davlat tibbiyot instituti milliy reytinglarda bir necha o‘nlab pog‘onalarga ko‘tarildi. 2017 yilda institut milliy reytingda 41-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yilga kelib respublikaning eng yaxshi oliy ta'lim muassasalari o‘nligiga kirdi. Kelgusida esa institutning xalqaro jozibadorligini oshirish va jahon reytinglarida barqaror pozitsiyalarni egallash vazifasi qo‘yilgan.

Buxoro davlat Tibbiyot instituti axborot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid