Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Murabbiy o‘zgardimi, demak nimadir noto‘g‘ri ketyapti» – Katanets rasman bosh murabbiy bo‘ldi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi majlislar zalida milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi Srechko Katanets ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov so‘z olib, murabbiy tanlash jarayoni va Katanets nomzodiga to‘xtalish sabablari haqida gapirib berdi.
«O‘FA mutasaddilari milliy jamoaga yangi murabbiy tanlash jarayonida 30 dan ortiq murabbiy variantini ko‘rib chiqdik. Ular orasida bir qator nomdor mutaxassislar ham bor edi. Lekin murabbiylar kengashi bizga aniq kriteriyalarni belgilab berishdi. Bunga ko‘ra, yangi murabbiy milliy jamoalar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lishi, xorijdan, imkon qadar Yevropadan bo‘lishi kerak edi. Sababi, bugungi kun futbolida Yevropa ustunlik qilmoqda va jadallik bilan rivojlanyapti.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda ishlashga bo‘lgan xohish, istak va ambitsiya muhim ahamiyat kasb etardi. Uchinchidan, biz ko‘plab murabbiylarni tahlil qilganimizda, ular asosan yig‘inlar paytida kelib, boshqa paytlarda o‘zlari istiqomat qiladigan davlatda bo‘lishni ma'qul ko‘rishlariga guvoh bo‘ldik. Biz esa yangi murabbiy O‘zbekistonda yashab, milliy chempionatimizni sinchkovlik bilan kuzatib, biz bilan birgalikda ish olib borishi kerak degan qarorga keldik. Va nihoyat, yangi murabbiyning shtabida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlovchi mutaxassis bo‘lishi ko‘zda tutilishi kerak, deb qaror qilindi.
Shu tariqa, o‘zbek futboli muxlislarining Jahon chempionatiga chiqish haqidagi uzoq yillik orzularini ro‘yobga chiqarish maqsadida, milliy jamoamiz bosh murabbiyligiga Srechko Katanets nomzodida to‘xtaldik», dedi Ermatov.
Shundan so‘ng, Srechko Katanets so‘z olib, milliy jamoa bosh murabbiyi sifatidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi va jurnalistlarni qiziqtirgan bir qator savollarga javob berdi.
«Hammaga salom. Men va yordamchilarim bu yerda ekanimizdan xursandmiz. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga bizga ushbu imkonni taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Maqsadimiz – jahon chempionati yo‘llanmasi. Buning uchun ko‘p ishni amalga oshirishimiz kerak. Yaxshi, yosh futbolchilarni topishimiz kerak. Moslashib olish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Mundialga chiqish uchun biz rostdan ham kuchli bo‘lishimiz kerak.
Bu yo‘lda media va muxlislar bizga katta yordam beradi deb o‘ylayman. Umid qilaman, tez orada koronavirus bilan bog‘liq muammolar hal bo‘lib, muxlislar bilan to‘la stadionda o‘ynaymiz. Ular jamoani har qanday holatda, mag‘lubiyatda ham, g‘alabada ham bir xil qo‘llashlariga umid qilaman.
Biz bir hafta oldin bu yerga yetib keldik, bir nechta o‘yinlarni ko‘rdik. Muhimi – assotsiatsiya bizga yuklagan vazifalarni bajara olishimiz. Bilasiz, bir qator tajribali futbolchilar jamoani tark etdi, ularning o‘rnini yoshlar bilan to‘ldirishimiz kerak. Yoshlar esa xato qilib turadi.
O‘zimdan oldingi murabbiyning harakatlarini muhokama qilmoqchi emasman, bu jurnalistlarning ishi. O‘zbek futbolida doim yuqori texnikali futbolchilar to‘p tepgan. Lekin biz taktika ustida ko‘p ishlashimiz, jamoaviy ruhiyatni ko‘tarishimiz kerak. Milliy jamoada men emas, biz degan narsa bo‘lishi muhim.
Nega O‘zbekistonga boryapman, deb o‘yladimmi? Ha, men bu borada mulohaza yuritdim. Qaysidir jamoa murabbiyini almashtirayotgan ekan, demak nimadir noto‘g‘ri ketyapti. Osiyoda ko‘p yillardan beri ishlayman. O‘zbekiston deganda doim ko‘plab yaxshi futbolchilar, texnik mahorat ko‘z oldimga keladi. Jamoaning darajasi juda yaxshi. Lekin futbolning boshqa bir tarafi tashkillashtirish, kurash, jismoniy tayyorgarlik kabilarga bog‘liq. Bularni o‘z o‘rniga qo‘ymas ekansiz, g‘alaba qozona olmaysiz. Fikrimcha, aynan mana shu jihatlarni kuchaytirishimiz kerak.
Siz futbol dunyosini kuzatishingiz tabiiy. Italiya qanday g‘alaba qozondi? Ular Ispaniyaga qarshi o‘yinda himoyada o‘ynashdi, lekin barchasini nazorat ostida ushlab turishdi. Ha, ular chiroyli texnik elementlarni ko‘rsata olishmagandir, lekin futbol faqat chiroyli o‘yindan iborat emas. Futbolchilar aqlli follarni ishlata bilishi, qayerda futbolchini yiqitish kerakligini bilishi lozim. Bizga mana shunday kurashuvchan futbol kerak.
Bizga dastlabki oylarda yaxshi konsultant kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng, biz barchasini bilib olamiz va jamoam bilan o‘z ishimizni hech qanday qo‘shimcha yordamsiz qila olamiz. Menga yana yaxshi tarjimon ham kerak. U mening emotsiyalarimga hamohang bo‘lishi, xursandligimda xursand, jahlim chiqqanda ham shuni ifodalab bera oladigan bo‘lishi lozim. Bu juda muhim jihat. Futbolchilar va mening o‘rtamdagi aloqalarda tarjimonning roli yuqori. Vaqt o‘tgani sayin bu holatni ham yengib, futbolchilar bilan yaxshi til topishib ketamiz. Chunki, bizning ishda bitta til bor – futbol tili», dedi Katanets.
Ma'lumot uchun, sloveniyalik mutaxassis milliy jamoa bilan debyut o‘yinini 5 sentyabr kuni Stokholmdagi «Frends arena»da Shvetsiya milliy jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Mavzuga oid
11:42 / 21.03.2025
O‘zbekiston Qirg‘izistonni kichik hisobda yengib, mundial sari yana bir qadam tashlagan o‘yindan fotojamlanma
17:24 / 12.03.2025
O‘zbekiston milliy jamoasining Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘yin uchun tarkibi e’lon qilindi
09:00 / 24.01.2025
«Oq bo‘rilar»da «to‘daboshi» o‘zgardi: Kopa uddalaydimi?
22:19 / 23.01.2025


