O‘zbekiston | 22:38 / 28.08.2021
16932
2 daqiqa o‘qiladi

“Kadr topish juda qiyin” - tadbirkor chet ellik mutaxassisga minglab dollar maosh to‘layotgani haqida

“Oddiy misol, bizning tekstil fabrikamizda turk texnologlari ishlashadi. Ularga oyiga 3 ming dollardan 5 ming dollargacha to‘laymiz. O‘zimizning mahalliy texnologlar esa 4-5 million atrofida oylik olishadi”, – deydi Temur Mamadaminov.

MFaktor loyihasining navbatdagi sonida bir guruh jizzaxlik tadbirkorlar mehmon bo‘lishdi. Ulardan biri, “Eco Cement” zavodi rahbari Temur Mamadaminov sanoatdagi kadrlar tanqisligi haqida gapirib o‘tdi.

“Kadrlar muammosi boshqa sohalarda ham bor, lekin aynan sanoatda malakali kadrlar topish juda ham qiyin.

Oddiy misol, bizning tekstil fabrikamizda turk texnologlari ishlashadi. Ularga oyiga 3 ming dollardan 5 ming dollargacha to‘laymiz. O‘zimizning mahalliy texnologlar esa 4-5 million atrofida oylik olishadi.

Bu degani, xorijlik mutaxassislar o‘zimiznikilarga qaraganda 10 barobar balandroq maosh olishadi. Albatta, ularning ishining sifati ham juda baland, tajribasi katta”, – dedi Mamadaminov.

Tadbirkor, eski litsey va kollejlarning bo‘sh turgan binolarida sanoat sohasi kadrlarini tayyorlaydigan muassasalar tashkil qilish kerak, deya hisoblashini bildirdi.

“Bunday ta'lim maskanlari hozir ham bor, lekin ularga e'tibor judayam kam. Albatta, bu ishlarni bir yilda amalga oshirib bo‘lmaydi, lekin yaqin 5-10 yilda qilsa bo‘ladi.

Hozir bitta texnologga 5 ming dollar oylik berib ishlatganimiz bilan, undan uzog‘i 4-5 ta shogird qolishi mumkin. Lekin malakali mutaxassislarni katta pul berib bo‘lsa-da o‘qitish uchun chaqirsak, ular kelib bittasi 100 kishiga bilim beradi”, – deydi u.

Temur Mamadaminov uning jamoasi faqat to‘qimachilik emas, boshqa bir nechta tarmoqlarda ham zavodlarga egalik qilishini ta'kidlab, kadrlar muammosi sanoatning ko‘plab sohalarida borligini qayd etdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid