Jahon | 20:36 / 29.08.2021
23762
2 daqiqa o‘qiladi

AQShga yaqinlashayotgan “Ida” dovuli “falokatli” darajagacha kuchaydi

Foto: Vkontakte

AQShga yaqinlashayotgan “Ida” dovuli 29 avgust kuni xavflilikning maksimal besh darajasidan to‘rtinchisigacha kuchaydi. Bu uning falokatli darajada ziyon yetkazishi mumkinligini anglatadi, deb ma'lum qildi AQShning dovullar ortidan kuzatish milliy markazi.

“Ida” hozir Meksika ko‘rfazida shimol tomon yo‘nalmoqda va yaqin soatlarda AQShning Luiziana shtati sohillarigacha yetishi kutilmoqda.

Dovul jadallik bilan kuchayishda davom etmoqda. Undagi shamolning maksimal tezligi soatiga 215 km deb baholanmoqda.

Meteorologlarning ta'kidlashicha, to‘rtinchi darajadagi dovullar tomlarni va uylarning tashqi devorlarini hamda daraxtlarni qo‘porib yuborishi mumkin. Bunday kuchli dovul ta'siriga tushuvchi hududlar haftalab va hattoki oylab yashash uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin.

“Ida” kuchli shamoldan tashqari, Missisipiga dengizdagi suv sathining 3-4 metrga ko‘tarilishi bilan xavf solmoqda.

Ta'kidlanishicha, roppa-rosa 16 yil avval AQSh janubi falokatli “Katrina” dovuli iskanjasida qolgan edi. Dovul 1,8 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan va 125 mlrd dollar zarar yetkazgan.

Mavzuga oid