O‘zbekiston | 13:00 / 29.08.2021
7804
5 daqiqa o‘qiladi

Chet el kapitali ishtirokidagi «Hamkorbank» 30 yoshda: Kecha, bugun va kelajakda

27 avgust kuni Milliy matbuot markazida chet el kapitali ishtirokidagi «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruv a'zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda bank boshqaruv a'zolari «Hamkorbank»ning faoliyat yo‘li va istiqboldagi rejalari haqida ma'lumot berishdi. Shuningdek, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bank rahbariyatidan javob olishdi.

Bugungi kunga kelib bank respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan 46 ta filialiga, shuningdek, mijozlarga yanada yaqinroq bo‘lish maqsadida respublikaning chekka shahar va tumanlarda ham 100 dan ortiq «Bank xizmatlari ofislari»ga ega. Shuningdek, bank bo‘linmalarida hamda respublika shahar markazlarining aholi gavjum joylarida 130 dan ortiq 24/7 o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Aynan bankning 30 yilligi arafasida – sentyabr oyida 47-filial – bankning Mirobod filiali o‘z faoliyatini boshlaydi.

Matbuot anjumani davomida «Hamkorbank» ATB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Jasurbek Hasanov tomonidan bank uchun xalqaro moliya bozorida tan olinish muhim ahamiyatga egaligi alohida ta'kidlandi.

«2000 yilda bank respublikada birinchilardan bo‘lib xalqaro standartlar asosida audit o‘tkazgan. Asosiy maqsad – xalqaro miqyosda faoliyat olib boruvchi nufuzli moliya institutlariga bank ochiqligini namoyon etish, ularni jalb etish. Natijada 2001 yili Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) «Hamkorbank»ka davlat kafolatisiz mablag‘ ajratdi», – dedi Jasurbek Hasanov.

2010 yilda Xalqaro Moliya Korporatsiyasi «Hamkorbank» aksiyadori bo‘ldi. 2014 yilda Gollandiya Taraqqiyot banki (FMO) bankning ikkinchi xorijiy aksiyadoriga aylandi va «Hamkorbank» chet el kapitali ishtirokidagi bank maqomiga ega bo‘ldi. Aynan shu yildan Osiyo Taraqqiyot Banki, Germaniya Taraqqiyot banki, Jahon Banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasi va Islom Xususiy Sektorni Rivojlantirish Korporatsiyasi kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 2018 yilda esa “ResponsAbility Investmens” xalqaro investitsion kompaniyasi ham bankning aksiyadorlari qatoriga qo‘shildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bankning muvaffaqiyat yo‘li haqida ham ma'lumot berib o‘tishdi. Ularning aytishicha, bank har bir mijozga individual yondashib, ularga xizmat ko‘rsatishda uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslanadi hamda «Birgalikda yuksalish sari» shiori ostida faoliyat olib bormoqda. Bank bugungi kunda 1 mln 600 mingdan ortiq jismoniy shaxslarga hamda 40 mingga yaqin yuridik mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

«Hamkorbank» 30 yil davomida o‘z tarmoqlarini respublika hududlari bo‘yicha kengaytirish bilan birga, o‘z jamoasini ham kengaytirdi. Faoliyatini 15 kishi bilan boshlagan bankda bugunga kelib respublika bo‘ylab bank ofislarida 3 350 nafar xodim samarali mehnat qilmoqda.

Tadbirda «Hamkorbank»ning yutuqlari haqida ham atroflicha ma'lumot berildi. Jumladan:

— 2018 yil iyun oyida «Hamkorbank» va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi birgalikda O‘zbekiston tarixida birinchi marta London fond birjasida 10 mln AKSh dollari ekvivalentidagi «Samarkand» deb nomlangan obligatsiya joylashtirdi. Ushbu obligatsiyalar realizatsiyasidan tushgan mablag‘lar kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.

— Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2020 yil davomida moliyaviy xizmatlar taklif etish ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingida «Hamkorbank» 1-o‘rin bilan taqdirlandi;

— O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Milliy marketing markazi tomonidan tashkil etilgan “Yil brendi 2020” tanlovida «Hamkorbank» Respublika banklari ichida 1-o‘rinni egalladi. E'tiborli jihati shundaki, ushbu e'tirof butun O‘zbekiston bo‘yicha bank xizmati iste'molchilari tomonidan onlayn ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.

Bank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Jasurbek Hasanovning aytishicha, «Hamkorbank» kelgusi 5 yillikda raqamli bank xizmatlarini joriy qilish orqali Respublika chakana bank xizmatlari bozorini rivojlantirish, bank ofislari tarmoqlari va biznes jarayonlarini optimallashtirish orqali bank faoliyatining samaradorligini oshirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlar yanada takomillashtiriladi.

Reklama huquqi asosida

 

Mavzuga oid