O‘zbekiston | 09:33 / 29.08.2021
3557
2 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchida o‘ldirilgan shaxsning qarindoshlari prokuratura ularni eshitmayotganini aytib chiqishdi. Viloyat IIB holatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida iyun oyida o‘ldirilgan shaxsning qarindoshlari prokuror qabuliga borib mojaro ko‘targani haqida video tarqalgan. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 27 avgust kuni Chiroqchi tumani «Tarag‘ay» MFY hududidagi maktabda tuman 4-sektor rahbari tomonidan 25 avgust kuni shu mahallada sodir bo‘lgan qotillik yuzasidan muhokama yig‘ilishi tashkil etilgan. Muhokamada tuman IIB boshlig‘i va mutasaddi tashkilotlar xodimlari qatnashgan. Unda prokuratura organlari xodimlari bo‘lmagan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 21 iyun kuni «Langar» MFYda yashovchi J.N. tomonidan o‘ldirilgan A.J.ning yaqin qarindoshlari olib borilayotgan tergov harakatlaridan norozi bo‘lib shu yerda bo‘lgan mutasaddilarga murojaat qilish uchun kelishgan.

Munosabatda yozilishicha, A.J.ning o‘ldirilishi yuzasidan uning qarindoshlari keltirayotgan vajlar viloyat prokuraturasi tomonidan 6 marotaba qabul qilingan. Tergov tekshirishlari davomida ularning vajlari tekshirilib, tasdig‘ini topmagan.

Ta'kidlanishicha, A.J.ning o‘limi yuzasidan J.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokurori tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid