O‘zbekiston | 11:42 / 30.08.2021
3023
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT vakillari O‘zbekistonda prezidentlik saylovlarining xalqaro kuzatuvchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

O‘zbekistonda prezidentlik saylovlarida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)dan 3 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda bugun, 30 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Saylov qonunchiligiga muvofiq, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Shuningdek, yig‘ilishda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi. Ma'lum qilinishicha, Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilgani Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma'lumotlar tekshirilishi lozim.

Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq 36 nafar mahalliy OAV vakili ro‘yxatdan o‘tkazilgani ta'kidlandi. Shu kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 766 nafar, xorijiy OAV vakillari soni 48 nafarni tashkil etmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Hozirga qadar beshta partiya o‘z nomzodlarini taqdim qildi va imzo yig‘ish jarayonlari boshlandi. Prezident saylovi 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.