O‘zbekiston | 11:36 / 31.08.2021
30583
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro yordam va'dalariga ishonib bo‘lmaydi – Afg‘on qochqinlarini qabul qilish xavflari sanab o‘tildi

Kadr: Telegram

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistondagi yangi tuzumdan qochayotgan afg‘on qochqinlarini qo‘shni davlatlar qabul qilishi kerakligi bo‘yicha BMT va Yevropa rahbarlari doirasida chaqiriqlar ko‘paymoqda. Xususan, Avstriya kansleri Sebastyan Kurs O‘zbekiston o‘z hududida afg‘on qochqinlarini qabul qilishi shart degan iborani qo‘llagan.

Nigoh telegram kanalining yozishicha, 2015 yildagi keng ko‘lamli migratsion inqirozdan qutulgan yevropaliklar qochqinlarning yangi oqimidan saqlanish uchun Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar hisobiga vaziyatdan chiqib ketishga urinmoqda.

Mualliflar rasmiy Toshkent qochqinlar bo‘yicha hech qanday xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmagani hamda 1951 yilda imzolangan BMTning qochqinlar to‘g‘risidagi konvensiyasiga ham qo‘shilmaganini bildirgan. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati afg‘onistonlik qochqinlarni joylashtirish bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror qabul qilmagani ta'kidlanmoqda.

Ma'lum qilinishicha, qochqinlarni O‘zbekiston hududiga joylashtirish ekstremistlarning kirib kelishi, giyohvand moddalar savdosi kengayishi, transchegaraviy jinoyatlar, sanitariya-epidemiologiya muammolari kabi bir qator ehtimoliy xavflar ham yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, qochqinlarni joylashtirish O‘zbekiston budjeti uchun katta moliyaviy xarajatlarga olib kelishi va bu borada xalqaro yordam va'dalariga ishonib bo‘lmasligi bildirilgan.

Kanal mualliflarining yozishicha, 2010 yilda qo‘shni Qirg‘izistondan qochqinlarni qabul qilish O‘zbekiston budjetiga 50 million dollarga tushgan. BMTning qirg‘izistonlik qochqinlar uchun ajratgan insonparvarlik yordami esa ular hammasi vataniga qaytganidan keyin kelishni boshlagan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga befarq emasligini, odamlarni evakuatsiya qilish uchun hamkor davlatlarga o‘z havo hududi va aeroport infratuzilmasini taqdim etmoqda. Xususan, O‘zbekiston infratuzilmalari orqali 7 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid