O‘zbekiston | 12:00 / 03.09.2021
3135
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi binosi foydalanishga topshirildi

1 sentabr kuni Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda boshqarmaning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz’ga xabar berdi.

Imoratning ochilish marosimida Jo‘qorg‘i Kenges Raisining o‘rinbosari Atabek Davletov, DXA Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Abdijaliyev, Nukus shahar hokimi Utemurat Panayev ishtirok etgan.

Yangi bino 5 qavatdan iborat. Uning birinchi qavatida Xalq qabulxonasi, ikkinchi qavatida Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni joylashgan. Binoning qolgan qavatlari DXA Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga tegishli.

Ta'kidlanishicha, boshqarma tomonidan joriy yilning birinchi yarmida aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga 576 mingdan ziyod davlat xizmati ko‘rsatilgan. Dastlabki yillarda tadbirkorlik sub'yektlariga 33 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich 160 dan ziyodni tashkil qilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Amudaryo, Beruniy, Mo‘ynoq, Chimboy, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Chimboy tumanlarida davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari foydalanishga topshirilgan. To‘rtko‘l, Taxiatosh va Qorao‘zak tumanlarida esa yil yakuniga qadar yangi binolar foydalanishga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Boshqarmaning avvalgi rahbari Kazbek Artikov o‘rniga Mahmud Abdijaliyev rahbar etib tayinlangani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid