O‘zbekiston | 15:11 / 03.09.2021
17032
2 daqiqa o‘qiladi

GM va Ford’ning qator zavodlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi

Avvalroq yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi tufayli Yaponiyaning Toyota va Nissan hamda Amerikaning Stellantis kompaniyalari faoliyatini to‘xtatishi xabar qilingandi.

Foto: Reuters

AQShning General Motors kompaniyasi Shimoliy Amerikadagi sakkizta zavodi faoliyati ikki haftaga to‘xtatilishini ma'lum qildi.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 6 sentyabrdan Fort-Ueyn (Indiana shtati) va Meksikaning Silao shahridagi zavodlari bir haftaga to‘xtaydi. Uentzvill (Missuri shtati) shahridagi pikap va katta furgonlar ishlab chiqaruvchi zavod ikki haftaga yopiladi. Asosan yo‘ltanlamaslar ishlab chiqariluvchi boshqa zavodlar ham ikki hafta yoki undan ko‘proq muddatga faoliyatini to‘xtatadi.

Bayonotda aytilishicha, bunga yarimo‘tkazgichlar yetkazib berishdagi muammolar sabab bo‘lgan.

Yana bir yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi Ford Motor kompaniyasi ham Kanzasdagi zavodi ikki haftaga yopilishini e'lon qildi. Bundan tashqari, Dirborn (Michigan shtati) va Luisvilldagi (Kentukki shtati) zavodlarda ish smenalari qisqartiriladi.

Avvalroq yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi tufayli Yaponiyaning Toyota va Nissan hamda Amerikaning Stellantis kompaniyalari faoliyatini to‘xtatishi xabar qilingandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid