Jamiyat | 20:51 / 04.09.2021
27504
5 daqiqa o‘qiladi

“Kelajakda elektromobil ishlab chiqarmoqchiman” - 17 yoshida C2 sertifikat olgan Suhrob

Suhrob Murodov 17 yoshda. Samarqanddagi 43-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U O‘zbekistonda birinchi bo‘lib S2 sertifikatini oldi. Bu IELTS'da 9 ball demakdir.

Suhrob Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan maktab o‘quvchilari va OTM talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Poliglot” bellashuvida respublikada 2-o‘rinni egallagan. U O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni orzu qiladi.

“Dadam doim bizga vaqt ajratadi”

— Oilada uch farzandmiz. Yutuqlarimda ota-onamning hissasi katta, ayniqsa dadam yoshligimdan nimadir o‘rganishga qiziqtirganlar. Ishdan kech kelsalar ham har kuni erinmasdan biz uchun vaqt ajratardilar, biz shu mavzuda gaplashardik. Intilishlarimda bu suhbatlarning ta’siri katta bo‘lgan.

O‘zbekistonda birinchi bo‘lib CEFR tizimida S2 sertifikatini oldim. Bu sertifikat IELTS bilan taqqoslanganda 9 ballga teng keladi.

S2 sertifikati nufuzli Kembrij universiteti tomonidan 2004 yildan joriy qilingan bo‘lib, dunyoning 50 dan ortiq davlatida ommalashgan. S2 – ingliz tilini o‘zlashtirish darajasining eng yuqorisi. Hali O‘zbekistonda bu sertifikatni boshqa hech kim qo‘lga kiritmagan. Hozircha men va ustozim Muhammadxon Soliyev birinchilardan bo‘lib unga ega bo‘ldik.

“Ingliz tilini mustaqil o‘rgana boshlaganman”

— Bolaligimda ko‘p inglizcha multfilmlar ko‘rardim va tushunmaganim uchun katta qiziqish paydo bo‘lardi. Inglizcha lug‘atlar va internet orqali tarjima qilib, tushunishga harakat qilardim.

Boshida grammatika qoidalariga, so‘z qo‘llash qoidalariga unchalik e’tibor bermasdim. O‘zimga kerakli narsalarni o‘qib, tarjima qilib o‘rganaverganman. Shu tariqa mustaqil ingliz tilida gapira oladigan bo‘ldim. Grammatikasini bilmasam ham har xil resurslardan so‘zlar olib birlashtirib gapiraverardim.

Yoshligimdan ota-onam qo‘limga kitob tutqazishgan. Bolaligimda ertaklar, rasmli kitoblarni yaxshi ko‘rib o‘qiganman.

“Kelajagimni elektromobillar sohasida ko‘ryapman”

— Maktabni tugatgach, dunyoning eng nufuzli universitetlarida o‘qimoqchiman. U yerda olgan bilimimni birlashtirib, O‘zbekistonda katta innovatsion g‘oyalarni amalga oshirmoqchiman. Aniqrog‘i sun’iy intellekt yo‘nalishini rivojlantirishni, shu sohani yanada ommalashtirishni maqsad qilganman.

Elektromobillarga qiziqaman. O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni niyat qilganman. Hozir shunga oid kitoblar o‘qiyapman, kompyuterda elektromobillarni dasturlashni o‘rganyapman, bu bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarim bor. Sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha yetarli bilim olib, asosiy e’tiborimni shu yo‘nalishga qaratmoqchiman.

Elektromobillar elektr tokida yurgani uchun ulardan foydalanish arzon tushadi, qolaversa, ekologiyaga zarari ham yo‘q.

Xorijda qolish niyatim yo‘q

— Shu vatanda tug‘ilib-o‘sdim, bilim oldim va vatanim oldida o‘zimni qarzdor hisoblayman. Barcha bilimlarimni shu yerda ishlatishim kerak, yurtimning taraqqiy etishida o‘z hissamni qo‘shishim kerak. Ba’zi tengdoshlarim o‘zlarining ko‘p vaqtlarini turli ijtimoiy tarmoqlarda besamar sarflayotganiga guvoh bo‘laman. Bunga chek qo‘yish kerak demoqchi emasman, ammo me’yor bo‘lishi kerak. Charchaganda, miyani biroz chalg‘itish kerak bo‘lganda kirib biror qiziqarli, foydali ma’lumotlar olsa bo‘ladi. Lekin ko‘p vaqtni bunga sarflash noto‘g‘ri.

Innovatsion markazga qatnay boshlaganimda u yerdagi muhit meni butunlay o‘zgartirdi. Dunyoqarashi keng, ko‘p til biladigan bolalarni ko‘rib, ularga yetib olishga harakat qilardim. Markazga qatnay boshlaganimga 8 oy bo‘ldi, u yerda hali yangi o‘quvchi hisoblanaman. 8 oy burun ingliz tilini bilish darajam B2 edi. Hozir esa S2 darajaga chiqdim.

Prezident tashabbusi bilan 29-30 iyun kunlari Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligida o‘tkazilgan “Poliglot” musobaqasida respublikaning 14ta hududidan eng iqtidorli maktab o‘quvchilari va talabalar ishtirok etishdi. Ushbu “Poliglot” bellashuvida Samarqand viloyati nomidan qatnashib, respublikada 2-o‘rinni egalladim.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid