Bog‘cha bolalarining zaharlanishiga sabab bo‘lgan mahsulotlar tekshiruvi cho‘zilayotgani «chuqur tekshiruvlar zarurati» bilan izohlandi
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati nashri Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi yuzasidan o‘tkazilgan Kun.uz surishtiruvi bo‘yicha munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, holat yuzasidan Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan 11 avgust kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyinchalik Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan hamda maxsus tuzilgan tergov guruhi tergovchilariga topshirilgan.
IIBB Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha ekspertiza natijalari chiqmayotganini “ekspertizalar laboratoriya sharoitida o‘rganilishi va chuqur tadqiqot talab etishi” sababi bilan izohlagan va ayni damda ham ekspertlar tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilayotganini ma'lum qilgan.
Shuningdek, IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan, zaharlanish tashxisi qo‘yilgan bolalar va ularning ota-onalari, ta'lim muassasasining barcha xodimlari qatorida jami 100dan ortiq shaxslar so‘roq qilingani aytilmoqda.
“Tergovga jalb qilinganlarning daxlsizlik huquqlarini ta'minlash va tergov ishi davomida haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa ma'lumotlar oshkor qilinmaydi.
Tayinlangan ekspertizalarning yakuniy xulosalari va jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan hujjatlarga asosan qonuniy qaror qabul qilinadi va ommaviy axborot vositalari orqali qo‘shimcha ma'lumot beriladi” – deyiladi IIBB munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 4 sentyabr kuni Oqqo‘rg‘ondagi zaharlanish bo‘yicha Kun.uz surishtiruvi e'lon qilinib, unda jinoyat ishini tergov qilayotgan organni topib bo‘lmayotgani, holat vaqt o‘tishi bilan barchaning e'tiboridan chetda qolib borayotgandek tuyulayotgani, 12 kunda chiqishi aytilgan tekshiruv natijalari hamon chiqmayotgani haqida so‘z yuritilgandi.
Mavzuga oid
17:20 / 17.10.2024
Toshkent viloyatida hojatxonaga tushib ketgan qizcha qutqarib qolindi
09:32 / 13.02.2024
Oqqo‘rg‘onda tadbirkorning qariyb 700 ming dollar pulini qo‘lga kiritgan shaxslar aniqlandi
14:34 / 02.02.2024
Oqqo‘rg‘on sudi raisi “qo‘l uchida” yozilgan hukm uchun jarimaga tortildi
13:48 / 26.01.2024