O‘zbekiston | 13:38 / 06.09.2021
10174
4 daqiqa o‘qiladi

Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi

2021 yil 6 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: KUN.UZ

Qurultoyda 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligining yangi tamoyillari, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar asosida, ochiq va shaffof o‘tkazilishi, saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti, teng sharoit yaratilishi zarurligi alohida ta'kidlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi.

Partiya Markaziy Kengashining 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan plenumida Xalq demokratik partiyasidan O‘zXDP Markaziy Kengashi rais o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova nomzodini ilgari surish haqida qaror qabul qilgan edi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 63-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Vakolatli vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi. Hujjatlarni o‘rganib chiqqan Markaziy saylov komissiyasi O‘zXDPning 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berdi.

Maqsuda Vorisova 1961 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti – oliy. 1984 yili Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – shifokor. O‘zbekiston XDP a'zosi.

Qurultoyda nomzod masalasi bo‘yicha bir qator fikr-mulohazalar tinglandi. Muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisovani nomzod sifatida ko‘rsatish haqida yakdil qaror qabul qilindi.

Ma'lum qilinishicha, M.Vorisovaning Prezident saylovida nomzod sifatida ko‘rsatilishi partiya tarixida yangi sahifa ochadi, u kishi Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlik uchun birinchi ayol nomzod bo‘ladi.

Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi Dasturi to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Dastur loyihasining asosiy maqsadi mamlakatimizda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos bo‘lgan davlat va jamiyat barpo etishdir. 

Dastur loyihasida to‘qqizta yo‘nalishda taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan:

  • aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish; 
  • har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash;
  • olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun “Qishloq shifokori” va “Qishloq o‘qituvchisi” dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash;
  • aholining kam ta'minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli, shu jumladan profilaktika tibbiy xizmatlarni o‘z ichiga olgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta'lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash;
  • pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta'minotning maqbul tizimni shakllantirish;
  • kam ta'minlangan, lekin boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatimizning faol ishtirokchisiga aylantirish; 
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid xalqaro me'yorlar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish; 
  • umumxalq ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlarining boshqaruvida davlat ishtirokini mustahkamlash.

Mavzuga oid