Sport | 22:47 / 06.09.2021
32902
3 daqiqa o‘qiladi

Tokiodan qaytgan paralimpiyachilar tantanali ravishda taqdirlandi

Tokio paralimpiadasida jami 19ta medal jamg‘argan O‘zbekiston jamoasi Toshkentda kutib olindi. Sovrindorlarga pul mukofotlari, kvartira va avtomobillar sovg‘a qilindi.

Delegatsiya Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi. U yerdagi qisqa tantanalardan so‘ng jamoa a'zolari joy olgan avtobuslar karvoni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yetib bordi.

Marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov va bosh vazir Abdulla Aripov sportchilarni qozonilgan muvaffaqiyat bilan tabriklab, ularga atalgan sovg‘alarni topshirdi.

  • Oltin medal sohiblariga:
    200 ming dollar, 3 xonali uy, Tahoe avtomobili;
  • Kumush medal sovrindorlariga:
    100 ming dollar, 2 xonali uy, Traverse avtomobili;
  • Bronza medal sovrindorlariga:
    50 ming dollar, 2 xonali uy, Trailblazer avtomobili topshirildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Tokio paralimpiadasiga 48 sportchi bilan 55 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Yakunda jamoa 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Jamoa a'zolaridan Nurxon Qurbonova biryo‘la ikkita medal bilan qaytdi: u nayza uloqtirishda kumush, yadro uloqtirishda bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Umumiy hisobda O‘zbekiston 162 delegatsiya orasida musobaqani 16-o‘rinda yakunladi.

Bu – Osiyo qit'asi (Xitoy, Yaponiya va Erondan so‘ng) va MDH (Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondan keyin) mamlakatlari orasida to‘rtinchi, Markaziy Osiyo va turkiy xalqlar orasida birinchi ko‘rsatkichdir.

O‘zbekiston Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston 8 ta oltin bilan 16-o‘rinni egallagandi.

Tokioda erishilgan 19ta medalning 9tasi yengil atletika, 6tasi dzyudo bahslariga to‘g‘ri keladi. Suzishda 2ta, taekvondo va pauerliftingda 1tadan medal qo‘lga kiritildi.

Paralimpiada-2021 chempionlari:

  • Uchqun Quronboyev (dzyudo, -66 kg)
  • Nozimaxon Qayumova (F13 klassida nayza uloqtirish)
  • Mohigul Hamdamova (F57 toifasida disk uloqtirish)
  • Feruz Saidov (dzyudo, -73 kg)
  • Boburjon Omonov (F41 klassida yadro uloqtirish)
  • Husniddin Norbekov (F35 klassida yadro uloqtirish)
  • Safiya Burxanova (F12 klassida yadro uloqtirish)
  • Guljanoy Naimova (taekvondo, +58 kg)

Kumush medal sovrindorlari:

  • Asila Mirzayorova (T11 klassida uzunlikka sakrash)
  • Ro‘za Qo‘ziyeva (pauerlifting, -61 kg)
  • Parviza Samandarova (dzyudo, -57 kg)
  • Dovurxon Karomatov (dzyudo, -81 kg)
  • Nurxon Qurbonova (F54 klassida nayza uloqtirish)

Bronza medal sovrindorlari:

  • Islom Aslanov (100 metrga batterflay usulida (S13 klassi) para-suzish)
  • Elbek Sultonov (F12 klassida yadro uloqtirish)
  • Nafisa Sheripbayeva (dzyudo, -63 kg)
  • Sharif Xalilov (dzyudo, -100 kg)
  • Nurxon Qurbonova (F54 klassida yadro uloqtirish)
  • Shohsanam Toshpo‘latova (200 metrga kompleks suzish)
Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid