O‘zbekiston | 12:51 / 09.09.2021
5639
2 daqiqa o‘qiladi

Kelgusi yildan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulklarini deklaratsiya qilish bosqichma-bosqich joriy etiladi – prezident

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi s’yezdida ishtirok etayotgan Shavkat Mirziyoyev ko‘pchilikni o‘ylantirgan deklaratsiya masalasi bo‘yicha rejalarni bildirdi.

“Mamlakatimizda olib borilayotgan liberallashtirish siyosatining mantiqiy davomi sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 10 ga yaqin qilmishlar jinoyat toifasidan chiqariladi va jazoni yengillashtiradigan holatlar soni amaldagi 9 tadan 15 tagacha ko‘paytiriladi.  

Gumon bilan ushlab turilgan shaxslarni hisobga olish bo‘yicha yagona elektron reyestr ishga tushiriladi.

Eng muhimi, reyestrga ma’lumotlarni kiritmaslik gumonlanuvchi shaxslarni ushlab turishni noqonuniy deb topishga asos bo‘ladi.

Taraqqiyotimiz yo‘lida jiddiy to‘siq va g‘ov bo‘layotgan korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz.

Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulklarini deklaratsiya qilish tizimi kelgusi yildan bosqichma-bosqich joriy etiladi. Davlat xaridlari, davlat mulkini sotish jarayonlari ochiq-oshkora tashkil etiladi va bunga jamoatchilik keng jalb qilinadi.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan har qanday mansabdor shaxs, lavozimi va mavqeyidan qat’i nazar, so‘zsiz qonuniy javobgarlikka tortiladi. Bunday shaxslarning ochiq reyestri yuritilib, ularning davlat xizmatiga kirishi, mas’ul lavozimlarga nomzodi ko‘rsatilishi cheklanadi. Fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimi yanada kengaytiriladi.

Endi, davlat hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul yuridik yordam nafaqat jinoyat ishlari bo‘yicha, balki fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatiladi. 

Shu orqali kamida 100 ming nafar aholini huquqiy himoya bilan qamrab olish imkoni tug‘iladi. 

Yana bir masala – mamlakatimizda advokatlar sonining yetishmasligi bilan bog‘liq.

Shuning uchun, sohaga yosh kadrlarni jalb qilish maqsadida yuridik staj haqidagi talab bekor qilinib, oliy yuridik ma’lumotli shaxslarga 3 oylik stajirovkadan keyin advokatlik iḿtihonini topshirish imkoniyati yaratiladi” – dedi prezident s’yezd ishtirokchilariga qarata.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid