O‘zbekiston | 11:17 / 10.09.2021
1708
2 daqiqa o‘qiladi

Oqoltin va Chilonzor tumanlarida dori vositalarini noqonuniy ravishda sotgan fuqarolar ushlandi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hamda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda sotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Departamentning Oqoltin tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.U. va boshqalar pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda sotib daromad orttirish maqsadida 121 dona «Remdesivir» nomli dori vositasini 6 800 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.M. va boshqalar 129 dona «COVIFOR» nomli dori vositasini 6 700 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Pskent tumani va Shirin shahrida talab yuqori dori vositalarini yuqori narxda sotayotgan shaxslar ushlangani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid