O‘zbekiston | 21:22 / 10.09.2021
11452
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablaridagi standartlar kelgusida umumta'lim maktablarida ham joriy qilinishi kerak - Shavkat Mirziyoyev

“Prezident maktablari – bizning kelajagimiz. Men nima uchun bu maktablarni namuna darajasida qilyapman – kelajakda bu maktablar ta'lim standartlari umumta'lim maktablariga, xalq ta'limi tizimiga tushishi kerak, lokomotivga aylanishi kerak”, – dedi prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 sentyabr kuni ta'lim mavzusida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Davlat rahbari tadbirni Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo najot yo mamot” so‘zlaridan boshladi va ta'lim borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan biror mansabdor o‘z vazifasida qolmasligini aytdi.

“Prezident maktablari – bizning kelajagimiz. Men nima uchun bu maktablarni namuna darajasida qilyapman – kelajakda bu maktablar ta'lim standartlari umumta'lim maktablariga, xalq ta'limi tizimiga tushishi kerak, lokomotivga aylanishi kerak. Men shuni yo‘lga qo‘yib beryapman – keyinchalik bu standartni boshqa maktablarga yoyish sizning zimmangizda.

Birinchidan, yoshlarni “Bir million dasturchi” loyihasi bilan qamrab olish darajasini kengaytirish zarur.

Misol uchun, Toshkent shahridagi 179-maktab (o‘quvchilarning 80 foizi), Qo‘shko‘pir tumanidagi 34-maktab (65 foiz), Navoiy shahridagi 8-maktab (45 foiz) eng faol maktab sifatida namuna ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida qo‘shimcha 200 ming nafar yoshlarni o‘qitishni Yoshlar markazlari, “Ishga marhamat” mono-markazlari infratuzilmasi negizida tashkil etish zarur. Viloyat, tuman va shahar hokimlari yil yakuniga qadar birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligini ta'minlashi shart. Ikki oy muddatda ushbu maktablarning har biriga kamida 10 tadan kompyuter yetkazib berilsin.

Ishmetov buning uchun budjetdan 100 milliard so‘m ajratsin. Bu pulni ajratishni muhokama ham qilmanglar, kerak bo‘lsa yana ajratamiz”, – deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 4 ta Prezident maktabida 576 nafar, 3 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabida 1 ming 500 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Shavkat Mirziyoyev tarbiya jarayonida milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhi asosiy ahamiyat kasb etishi zarurligini ta'kidladi.

O‘quvchilarni mamlakatimiz tarixi, madaniyati va san'ati bilan kengroq tanishtirish, harbiy xizmatchilar ishtirokida vatanparvarlik darslari tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Ixtisoslashgan maktab o‘quvchilarini axborot texnologiyalari mutaxassisliklariga yo‘naltirish, ijod maktablarida veb-dizayn, kompyuter grafikasi, tasviriy va raqamli san'at, audiovizual asarlarni yaratish, tarjimonlik, jurnalistika va aktyorlik mahorati kabi to‘garaklar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Ilg‘or xalqaro tajriba va standartlar asosida ushbu maktablar muallimlarining malakasini oshirib borish zarurligi ta'kidlandi.

Shu maqsadda Toshkent shahrida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Andijonda uning hududiy filiali tashkil etilishi belgilandi. Bu markazga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilinib, fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi, xalqaro sertifikatlar beriladi.

Umuman, Prezident maktablariga investitsion va innovatsion yo‘nalishlarni joriy qilish bo‘yicha yangi tizim tashkil etiladi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi xorijdan o‘quv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilishga ko‘maklashadi. Shuningdek, xorijiy maktablar bilan o‘qituvchi va o‘quvchilarni almashish dasturlari amalga oshirladi.

Mavzuga oid