O‘zbekiston | 10:18 / 10.09.2021
11409
2 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim inspeksiyasi abituriyentlardan hujjat qabul qilayotgan nodavlat OTMlar haqida ma'lumot berdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov qabul jarayoni davom etayotgan nodavlat oliy ta'lim muassasalari haqida ma'lumot berdi.

Inspeksiya mas'uli xabar berishicha, bir nechta nodavlat oliy ta'lim muassasalarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni davom etmoqda.

“Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari soni 29 taga yetdi. Ta'lim inspeksiyasi tomonidan hozirgacha 19 ta (shundan 8 tasi 2021 yilda) nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga litsenziya berilgan.

Joriy yilda oliy ta'lim muassasalariga qabul qilinayotgan talabalarning qariyb 10 foizdan ortig‘i, ya'ni 20 000 ming nafarga yaqini aynan nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari tomonidan mustaqil belgilanadi. Shu jumladan o‘qishga hujjatlarni qabul qilish muddatlari ham. Ta'lim inspeksiyasi tomonidan nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarining rasmiy veb-sahifalari o‘rganilganda, hozirgi kunda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Ma'mun nomidagi Jahon tillari instituti, TMC instituti hamda TEAM universiteti, Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti, Toshkent xalqaro ta'lim universiteti kabi oliy ta'lim tashkilotlarida qabul jarayonlari davom etmoqda”, dedi u.

Ta'kidlanishicha, ushbu muassasalarga oliy ta'lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Ta'lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziyalar rasmiylashtirilgan. Mazkur nodavlat oliy ta'lim muassasalari tomonidan berilgan diplom mamlakatdagi boshqa oliygohlarniki bilan bir qatorda tan olinadi.

Mavzuga oid