O‘zbekiston | 07:46 / 11.09.2021
47169
8 daqiqa o‘qiladi

2,5 mln dollarlik olmos uzuk va boshqalar: Zeromax xaridlari va bosim ostidagi Ernst & Young

Gulnora Karimovaga aloqador ekani aytiladigan Zeromax kompaniyasi 2006–2009 yillarda lyuks toifadagi zeb-ziynatlarga kamida 38 mln dollar sarflagan. 2005–2007 yillarda kompaniya hisobotlariga “toza” deya audit xulosasini bergani Ernst & Young uchun milliard dollarga tushishi mumkin.

Kollaj: Financial Times

Shveytsariyada Ernst & Young auditorlari Zeromax kompaniyasiga “toza” deya audit xulosasini bergani bo‘yicha sud jarayonlari ketmoqda. Bu haqda Financial Times surishtiruvida so‘z boradi.

Ernst & Young – konsalting va auditorlik xizmatlari bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli “katta to‘rtlik” kompaniyalaridan biri. Kompaniyaning Shveytsariyadagi bo‘linmasi Zeromax konglomeratining 2005, 2006 va 2007 yillardagi moliyaviy hisobotlariga “toza” (clean bill of health) audit xulosasini bergan.

Biroq, FT qo‘lga kiritgan ma’lumotlar bu xulosalarni shubha ostiga olish uchun asoslar borligini ko‘rsatadi.

Xususan, millionlab dollarlik zargarlik buyumlari xaridlari va shubhali ofshor kompaniyalarga haydalgan pullar auditorlar uchun jiddiy signal bo‘la olmagani aytilmoqda.

Bankrotlikka uchragan kompaniya kreditorlari sud orqali auditorlardan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.

Zeromax biznes imperiyasi

Zeromax 1999 yilda AQShning Delaver shtatida ro‘yxatga olingan. Kompaniya 2005 yilda doimiy manzilini Shveytsariyaning Tsug kantoniga ko‘chirgan va buni O‘zbekistonga investitsiya kiritish maqsadi bilan izohlagan.

Darhaqiqat, o‘sha yildan boshlab Zeromax O‘zbekistonda biznes imperiyaga aylana boshlagan: konglomerat to‘qimachilikdan tortib tabiiy gaz sanoatigacha bo‘lgan o‘ndan ortiq tarmoqlarda aktivlarni qo‘lga kiritib, mamlakatdagi eng yirik ish beruvchi darajasiga chiqqan. Muayyan davrda O‘zbekiston YaIMning 10 foizgacha bo‘lgan qismi birgina shu Zeromax tizimiga to‘g‘ri kelgan.

Biznes imperiya 2010 yilda, O‘zbekistondagi oliy hokimiyat ichida yuz bergan ichki kurashlar fonida faoliyatini to‘xtatgan, mol-mulki davlat foydasiga musodara qilingan va hisob raqamlari muzlatilgandi. Xalq orasida Odilboy nomi bilan mashhur bo‘lgan Mirodil Jalolov esa o‘sha yilning sentabr oyida qamoqqa olingandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Zeromax tugatilganida uning zimmasidagi qarz 6,1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan. 6,1 mlrd dollarlik qarz bilan tanazzulga uchrash – Shveytsariya tarixidagi ikkinchi eng yirik bankrotlik holati demakdir.

1 mlrd dollarlik da’vo

Financial Times ishga aloqador o‘nlab hujjatlar, jumladan politsiya xulosalari, korporativ bank ma’lumotnomalari, xizmat yozishmalari, kvitansiyalar va ayni paytda davom etayotgan sud jarayonlaridagi da’volar bilan tanishgan. Bu ma’lumotlardan ko‘rinishicha, Ernst & Young'ning Shveytsariyadagi bo‘linmasi Zeromax'ning 2005, 2006 va 2007 yillardagi moliyaviy hisobotlarini “toza” deya baholagan.

EY 2007 yildan keyin yana uch yil, to Zeromax 2010 yilda bankrotlikka uchragunga qadar kompaniyaning auditori bo‘lib qolgan, biroq so‘nggi uch yillik bo‘yicha audit xulosalarini chop etmagan.

Hozirda esa Zeromax kreditorlaridan biri – AQShning Lion Point Capital hedj-fondi 1 mlrd dollar zarar yetkazganlikda ayblab EY'ni sudga bergan.

Seyfdagi qimmatbaho taqinchoqlar

Foto: Getty Images

Financial Times'ga ko‘ra, Zeromax bankrotlikka uchragunga qadar bo‘lgan bir necha yil davomida qilgan ko‘plab xarajatlarini “biznesga oid chiqimlar” deyish qiyin.

Xususan, 2006 va 2007 yillarda kompaniya lyuks toifadagi zeb-ziynatlarga 13 mln dollardan ortiq pul sarflagan, shundan 2 mln dollari birgina Jyenevadagi Christian Dior do‘koniga to‘g‘ri keladi.

2008 va 2009 yillarda esa Zeromax qimmatbaho taqinchoqlarga 25 mln dollar sarflagan, shundan 6 millioni – Graff Diamonds'dagi xaridlardir.

Zeromax Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytib kelinadi, uning o‘zi esa bu iddaolarni mudom rad etgan. Biroq bu kompaniya tomonidan xarid qilingan taqinchoqlardan eng kamida bir nechtasidan Gulnora Karimova foydalanganini ko‘rsatuvchi holat bor: 2016 yilda Shveytsariya politsiyasi sud orderiga asosan Jyenevadagi Lombard Odier bankida Karimova tomonidan ijaraga olingan seyflarni tekshiradi. Seyflardan hashamdor zargarlik buyumlari topilgan, ular orasida 2,5 mln dollar turadigan Boucheron olmos uzugi ham bo‘lgan – bu uzuk uchun to‘lovni Zeromax kompaniyasi amalga oshirgan.

Financial Times tanishgan politsiya hujjatlariga ko‘ra, taqinchoqning sobiq egasi o‘z ko‘rsatmasida taqinchoqlarni Gulnora Karimovaning shaxsan o‘zi sotib olgani, xarid uchun pulni esa Zeromax'ga aloqador bank hisobraqamidan to‘lab berganini aytgan.

Ofshorga haydalgan pullar

FT maqolasiga ko‘ra, 2004–2007 yillarda Zeromax kamida 288 mln dollar mablag‘ni ofshor kompaniyalarga yo‘naltirgan. Ko‘plab holatlarda mazkur xarajatlar hujjatlarda umumiy qilib “konsalting xizmatlari” deya izohlangan.

Keyslardan biri AQSh va Shvetsiyada ochilgan jinoyat ishlarida javobgarlar qatorida bo‘lgan Takilant kompaniyasiga borib taqaladi.

Unga ko‘ra, 2006–2007 yillarda Zeromax Britaniyaning Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan, to‘liq o‘zining egaligidagi Galat Enterprises sho‘ba-korxonasiga 180 mln dollar o‘tkazgan. Galat Enterprises esa Gibraltarda ro‘yxatga olingan va Karimova egalik qilgan Takilant kompaniyasiga kamida 5 mln dollar yo‘naltirgan.

Zeromax, shuningdek, Merkony va Belphil Capital nomli ofshor kompaniyalarga ham kamida 2 mln dollar pul o‘tkazgan, bu ikki kompaniya esa, Shvetsiya sudi ma’lumotlariga ko‘ra, Takilant'ga 33 mln dollar yuborgan.

Financial Times'ning yozishicha, Ernst & Young auditorlari kamida bitta holatda Zeromax'ning ofshorga noodatiy pul o‘tkazmasidan xabardor bo‘lgan. 2008 yilda EY'ning yuqori lavozimdagi vakili Zeromax rahbariyatiga yo‘llagan xatida, Ystral nomli kompaniyaga 5,5 mln dollar o‘tkazilgani bo‘yicha hujjatlarda kamchiliklar borligini yozgan. Xatda mazkur pul o‘tkazmasi uchun Shveytsariya soliq organlarini qanoatlantiruvchi “biznesga oid sabab” bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.

“Ayrim savollarimiz “nozik masalalar”ga daxldor bo‘lishi mumkinligidan xabarimiz bor. Agar yuqorida qayd etilgan masalalarni muhokama qilishni istasangiz (yuzma-yuz yoki telefon orqali), bizga xabar qiling, biz uchrashuv yoki telefon qo‘ng‘irog‘ini tashkil qilamiz”, – deya yozgan EY rasmiysi.

Zeromax rahbariyati javobida biznesga oid sababni “tushuntirishga hojat yo‘q”ligi aytiladi.

FT'ning qayd etishicha, Ernst & Young Zeromax auditori bo‘lib qolgan, biroq audit xulosasini e’lon qilmagan 2008 yilda kompaniyadagi moliyaviy noaniqliklar ko‘lami ortgan.

Nashr Ernst & Young kompaniyasining Shveytsariyadagi bo‘linmasiga izoh so‘rab murojaat qilgan.

“O‘zbekistondagi sud 2010 yilda qabul qilgan qarorlar amalda Zeromax bankrotlikka uchrashi va aktivlarining ekspropriatsiya qilinishiga olib keldi. Bu masala ayni paytda davom etayotgan sud jarayonida ko‘rib chiqilmoqda. EY'ning Shveytsariyadagi bo‘linmasi kishini ranjitadigan da’volarga qarshi o‘z pozitsiyasini mustahkam himoya qiladi. Bundan boshqa izoh bera olmaymiz”, – deyiladi auditorlik kompaniyasi munosabatida.

Ma’lumot uchun, Zeromax sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolov 2019 yil yanvarda DXX tergov izolyatoridan garov puli evaziga ozodlikka chiqqan edi.

O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova O‘zbekistondagi iqtisodiy jinoyatlari uchun 2015–2020 yillarda uch marta sudlangan. 2020 yil martida unga 13 yil-u 4 oy qamoq jazosi tayinlangan. Qonunchilikka muvofiq, jazo muddati 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblangan.

Mavzuga oid