Aholi sonining o‘sib borishi, ishsizlik va ta'limdagi korrupsiya: Financial Times O‘zbekistondagi demografik muammolar haqida
Financial Times nashrida zamonaviy O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus hisobot chop etildi. 11 ta maqoladan iborat hisobotda iqtisodiy o‘sish, xususiylashtirish, xalqaro bozorlarga kirish, yashil energetika, raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari, mintaqaviy xalqaro munosabatlar, aholishunoslikka doir maqolalar o‘rin olgan.
Birinchi maqola O‘zbekistondagi aholi sonining o‘sishi hamda hukumatni kutayotgan ishsizlikka doir muammolarga bag‘ishlanadi.
«O‘zbekiston – yoshlar mamlakati: o‘tgan 2020 yilda 800 mingta chaqaloq dunyoga kelgan, bu – 2010 yilga nisbatan 25 foizga ko‘p. UNICEF'ning oxirgi hisobotlarida mamlakat aholisining deyarli yarmini 30 yoshga to‘lmaganlar tashkil qilishi aytilgan. Bu O‘zbekiston tarixidagi eng ko‘p ishchi kuchini tashkil qiladi.
2046 yilga borib, mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni 27 million kishiga yetishi kutilmoqda va hukumat bu insonlarga ish topib berishi kerak bo‘ladi. Lekin hozirgi vaqtning o‘zida yana bir katta muammo bor: o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 15,2 foizni tashkil qiladi. Bu o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 1,5 barobar ko‘p. Ko‘plab yoshlar munosib ish qidirib mamlakatni tark etmoqda.
Demografik muammolarni yechish maqsadida 2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligi yili» deb e'lon qilindi.
Yoshlarga doir davlat siyosati isloh qilinib, unga yoshlarni kasblarga bepul o‘qitish, tadbirkorlik va startaplar uchun grantlar e'lon qilish, aholining deyarli yarmi istiqomat qiluvchi qishloq joylarida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga subsidiyalar berish kabi yangi loyihalar qo‘shildi. Shuningdek, yangi dastur yoshlarni madaniyat, jismoniy tarbiya va sport hamda san'atga jalb qilish, ularning axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish, yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va ayollar bandligini ta'minlashni ham o‘z ichiga olgan.
BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli ayollarning 33 foizi asosiy ish sifatida haq to‘lanmaydigan ish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, yoshlarga doir davlat siyosati e'lon qilinganidan buyon, uning ijrosiga 1,4 trillion so‘m, deyarli 131,1 million dollar mablag‘ sarflangan. Ushbu dastur bilan «zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalari rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish», shuningdek, «voyaga yetmaganlar orasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilaviy ajralishlar sonini kamaytirish, kuchli vatanparvarlik g‘oyasi va mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish» maqsad qilingan.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayevning so‘zlariga ko‘ra, shahar va qishloq joylardagi ta'lim sifatiga doir muammolar turlicha. Ayrim maktablarda hatto asosiy kommunal xizmatlar: elektr energiyasi, gaz va toza ichimlik suvi yo‘q.
O‘zbekistonda 18 yoshgacha ta'lim olish majburiy bo‘lsa-da, lekin amalda maktab tizimi har doim ham o‘z vazifalarini bajara olmaydi. Masalan, UNICEF hisobotida shunday deyiladi: «Hozir maktablarda o‘z fanini unchalik yaxshi bilmaydigan o‘qituvchilar bor. Shunday pedagoglar tufayli o‘quvchilar kam bilim olishyapti, ota-onalar esa pulli repetitorlarga pul sarflashga majbur bo‘lmoqda».
Shuningdek, ko‘pincha oila uchun pul topish bosimi ostida, ayniqsa qishloq joylarda, maktab o‘quvchilari universitetlarni hayotining keyingi bosqichi deb hisoblamaydi. O‘tgan yili hukumat 9 sinfni tamomlagan o‘quvchilar va ishsiz fuqarolar uchun professional tayyorlov kurslarini ishga tushirdi.
Oliy ta'lim tizimiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. 2030 yilga qadar maktab bitiruvchilarining yarmi oliygohlarga hujjat topshirishi reja qilingan. Bu borada nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalariga kirgan talabalarga ajratilgan 200 million dollar miqdoridagi grant va stipendiyalar ham rag‘batlantirishning bir turi sifatida tanlangan.
Lekin ta'lim tizimidagi korrupsiya o‘quvchilar va ularning oilalarini qiynab kelmoqda. UNICEF ma'lumotlariga ko‘ra, o‘qituvchilar baho qo‘yib berish uchun pora so‘rashi holatlari ko‘p uchraydi. Natijada moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolgan o‘quvchilar [talabalar] o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘ladi.
Shuningdek, eski davrda hukumat paxta terishda majburiy ravishda bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun XMT tomonidan doimiy ravishda tanqid qilib kelingan. Yangi hukumat davrida bolalarning majburiy mehnatidan foydalanish amaliyotidan voz kechilgani, buning uchun javobgarlikning kuchaytirilishi ortidan 2019 yilda AQSh o‘zbek paxtasi importiga qo‘yilgan cheklovni bekor qildi.
Xalqaro mehnat tashkilotining mustaqil hisobotlarida ham 2020 yilda O‘zbekistonda ayrim joylarda bu holat saqlanib qolgani aytilgan bo‘lsa-da, majburiy mehnat bilan bog‘liq amaliyotlar sezilarli kamaygani ma'lum qilingan.
Sa'dullayevga ko‘ra, «Yoshlar yili» yoshlar orasida keng tarqalgan ishsizlik muammolarini yechishga yordam beradi. Mehnat bozoridagi keyingi raqamlar ushbu g‘oya qanchalik asosli ekanini ko‘rsatadi», – deyiladi Financial Times maqolasida.
Mavzuga oid
20:54 / 19.11.2024
Ispaniya har yili 300 ming migrantni qonuniylashtirish niyatida
19:17 / 03.11.2024
Rossiyada tug‘ilish darajasini lotereyalar yordamida oshirish taklif etildi
17:46 / 24.10.2024
Keyingi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayadi yo ko‘payadi – prognozlar qanday?
21:06 / 23.10.2024