Jahon | 23:59 / 11.09.2021
63995
24 daqiqa o‘qiladi

Dunyoni o‘zgartirgan kun. 11 sentabr teraktlari xronologiyasi

Yigirma yil muqaddam dunyo o‘zgargandi. 2001 yil 11 sentyabrida terrorchilar tomonidan egallab olingan samolyotlar AQShning iqtisodiy, siyosiy va harbiy qudrati ramzlari bo‘lgan binolarga borib urilgandi.

2996 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan 11 sentabr voqealari AQSh hududida sodir etilgan eng yirik terrorchilik hujumlari bo‘lib, uning oqibatlari haligacha yo‘qolgani yo‘q.

Aynan shu hujumdan keyin AQSh «terrorga qarshi urush» boshladi hamda Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirildi.

Amerikaliklarning butun bir avlodi, nafaqat ular, balki butun dunyodagilar o‘sha kuni hujumlar haqida eshitganida qayerda va nima qilayotgan bo‘lganini aniq eslashadi.

BBC dunyoni o‘zgartirgan o‘sha tongdagi 149 daqiqa davomida sodir bo‘lgan voqealar ketma-ketligini keltirdi.

07:59

11 American Airlines (AA11) reysi Bostondagi Logan xalqaro aeroportidan Los-Anjyelesga uchadi. Bortda uchuvchi, ikkinchi uchuvchi va to‘qqiz nafar bort kuzatuvchilari bor edi.

81 yo‘lovchidan besh nafari misrlik Muhammad Atto boshchiligidagi samolyotni garovga olgan terrorchilar edi.

Parvozning ilk daqiqalaridayoq hujum rejasi amalga oshirilishi boshlanadi.

Bu reja besh yil muqaddam Afg‘onistonda, «Al-Qoida» bazasida ishlab chiqilgandi.

G‘oya pokistonlik jangari Xolid Shayx Muhammadga tegishli bo‘lgan. Uning boshiga jangarilarni uchuvchilikka o‘rgatib, ular egallab olgan samolyotni boshqariluvchi raketaga aylantirish fikri kelib qolgandi.

Xolid Shayx Muhammad va «Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodin - 11 sentabr teraktlari ilhomchilari

Reja «Al-Qoida» rahbari, saudiyalik millioner, 90-yillardayoq Amerika maxsus xizmatlari e'tiboriga tushgan va teraktlardan keyin jahonning birinchi raqamli terrorchisiga aylangan Usama bin Lodin tomonidan ma'qullanadi.

08:14

Bostondagi aeroportning boshqa terminalidan Los-Anjyelesga 175 United Airlines (UA175) reysi bortdagi 56 yo‘lovchi hamda ekipajning 9 a'zosi bilan uchishni boshlaydi.

Bu samolyotda ham yo‘lovchilarning besh nafari - samolyot o‘g‘rilari edi.

Bu vaqtda AA11 reysidagi terrorchilar ekipaj kabinasiga bostirib kirib, birinchi samolyotni boshqara boshlagandi.

Avvaliga ikki bort kuzatuvchisiga birinchi klassda uchgan terrorchilar tomonidan pichoq bilan tan jarohati yetkaziladi. Keyin samolyotni boshqarishga o‘rgatilgan Atto u yerdan sherigi hamrohligida biznes-klassga yo‘l oladi. Yana biri yo‘lovchi Deniyel Levinni o‘ldiradi.

To‘rt yil Isroil armiyasida xizmat qilgan Levin Attoning ro‘parasida o‘tirgan edi. U terrorchilar samolyotni garovga olishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganida o‘ldirilgani aytiladi.

Olib qochilgan samolyotlarda ekipaj a'zolari va yo‘lovchilarga salonning ort qismiga o‘tish buyuriladi. «Al-Qoida» jangarilarida gaz ballonchalari bo‘lgan, ular o‘zlarida yo‘q bomba bilan yo‘lovchilarni qo‘rqitgan.

Styuardessa Betti Ong American Airlines’ning bronlash markazi bilan bog‘lanib, AA11 reysi garovga olinayotgani haqida ogohlantirishga ulguradi.

08:20

American Airlines aviakompaniyasining 77 (AA77) reysi Vashingtondagi Vashington-Dalles xalqaro aeroportidan ekipajning olti a'zosi va 58 yo‘lovchi (bu yerda ham besh terrorchi) bilan havoga ko‘tariladi.

Bu samolyot ham Los-Anjyelesga uchayotgandi.

Bu tasodifiy emasdi: qo‘lga olingan to‘rt reys Amerikaning bu sohilidan narigi sohiligacha uchishi kerak edi, shu tufayli samolyotlarga o‘n minglab tonna (43 000) yonilg‘i ortilgandi.

Terrorchilar qo‘lida samolyotlar boshqariluvchi raketalarga aylanadi.

08:24

Atto yo‘lovchilar bilan bog‘lanishga urinib, boshqa knopkani bosib yuboradi va xatolik tufayli Bostondagi aviadispetcherlarga samolyot olib qochilgani haqida ma'lumot beradi.

U bir emas, bir necha samolyot egallanganini ham aytadi.

Aviadispetcher nima bo‘layotganini tushunishga urinayotganida Attodan ikkinchi xabar keladi va shubhaga o‘rin qolmaydi: AA11 reysi olib qochilgandi.

Bu vaqtga kelib jinoyatchilar samolyot transponderini (samolyot turgan joy - kurs, tezligi va qanday balandlikda ekani haqida ma'lumot beruvchi kommunikatsiya uzatuvchi qurilma) o‘chirib qo‘yishadi va bu samolyotni izlash ishlarini qiyinlashtiradi.

Samolyot olib qochilgani haqidagi ma'lumot AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi (Federal Aviation Administration — FAA) va Havo harakatlarini boshqarish bo‘yicha hukumat agentligi bo‘limlari bo‘ylab aylana boshlaydi.

O‘n besh daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tganidan keyingina FAA va aviakompaniya rahbariyatiga Attoning so‘zlarining haqiqiy mazmuni yetib boradi: «Bizda bir necha samolyot bor».

Bu vaqtda mamlakat bo‘ylab aviareyslar odatdagidek parvozlarni davom ettiraveradi. Ular orasida - to‘rtinchi va o‘sha kuni o‘g‘irlangan so‘nggi samolyot ham bor edi.

08:42

United Airlines aviakompaniyasining 93 (UA93) reysi Nyu-Jyersidagi Nyuark aeroportidan San-Fransisko yo‘nalishi bo‘yicha parvozga chiqadi.

Samolyot soat 8:00da havoga ko‘tarilishi kerak edi, ammo tongda aeroport gavjumlashib, parvoz kechikadi.

Bu samolyotni nishonga olib borishning uddasidan chiqa olishmagan va bunda reysning kechikishi ham o‘z rolini bajargan.

Ammo yana bir hal qiluvchi omil bor edi. Reys ekipajning 7 a'zosi va 37 yo‘lovchi bilan uchadi, boshqa samolyotlardagidan farqli ravishda bu samolyotda yo‘lovchilardan besh emas, to‘rt nafari terrorchilar edi.

UA93 ko‘tarilayotgan paytda ikkinchi samolyot - UA175 - havoda garovga olinadi.

08:44

Birinchi samolyot - AA11 reysi olib qochilishidan yarim soat vaqt o‘tib Nyu-York osmoniga kirib keladi.

Osmon bulutsiz edi, atrofda boshqa samolyotlar bo‘lmagan: aviadispetcherlar reys Jon. F. Kennedi nomidagi xalqaro aeroportga qarab uchyapti deb o‘ylashadi va boshqa samolyotlardan unga yo‘l berish so‘raladi.

Bort kuzatuvchisi Medlin Suini tavakkal qilib ro‘y berayotgan barcha o‘zgarishlar xususida American Airlines’ning parvozlar xizmati bo‘yicha menejyeri Maykl Vudvordga taxminan 15 daqiqa davomida telefon orqali xabar berib turadi.

AA11 reysi pastlay boshlaydi, ammo u JFK aeroporti tomon ketmayotgandi. «Nimadir to‘g‘ri emas. Biz tezlik bilan sho‘ng‘iyapmiz», deydi Suini.

Vudvord Suinidan oyna orqali tashqariga qarab, samolyot taxminan qayerda ekanini aniqlashni so‘raydi.

Suini deydi: «Biz juda past uchyapmiz. Juda, juda past. Biz juda pastlikdamiz».

Bir necha soniya o‘tadi: «Yo xudoyim, biz juda ham pastda uchyapmiz!»

Aloqa uziladi.

08:46

AA11 reysi o‘ttiz yil mobaynida Nyu-York shahri ko‘rinishining ajralmas qismi bo‘lib kelgan Jahon savdo markazining 110-qavatli Shimoliy minorasiga uriladi.

Hech kim hech narsa tushunmasdi.

Birinchi samolyot yaqinlashib kelayotganini ko‘rganida Konstans Labetti Janubiy minoraning 99-qavatida edi.

«Men karaxt holatda edim. Men qimirlay olmadim. Men qimirlay olmasdim. Men samolyot soniya sayin yaqinlashib kelayotganiga qarab turardim. Men samolyot dum qismida «AA» harflarini va kabinaning tonirovka qilingan oynalarini ko‘rdim. Men shunchalik yaqinda edim», deydi u.

Jahon savdo markazining Shimoliy minorasi zarbadan keyin

Labetti Shimoliy minoraga zarba baqirish ovozidek eshitilgani haqida aytadi: «Men bu lahzalarda bazo‘r nafas olar, binodagi odamlarning barchasi halok bo‘lishini anglay olmasdim».

Zarba binoning 93-qavatdan 99-qavatgacha bo‘lgan qismiga to‘g‘ri keladi, bir lahzada yuzlab kishilar jon beradi.

Zarba natijasida 92-qavatdan yuqoridagi barcha zinalar to‘silib qoladi va yana yuzlab kishilar qopqonga tushadi.

Avariya vaqtida samolyotdagi yonilg‘i olovli sharga aylanib, lift ustunlaridan biri bo‘ylab harakatlanib quyi qavatlargacha yetib boradi.

Ayrim joylarda harorat 1000 darajaga yetadi, nafaqat Shimoliy, balki Janubiy minoraning yuqori qavatlari ham quyuq qora tutun bilan qoplanadi.

Ichki aloqa tizimi barchaga o‘z joylarida qolish haqida ko‘rsatma beradi, ammo Labettining Aon Corporation’dagi rahbari Ron Fatsio barchaga zudlik bilan zinalar orqali binoni tark etishni buyuradi.

Bu qaror o‘nlab kishilarning hayotini saqlab qoladi.

08:47

AQSh prezidenti Jorj Bush Florida shtatining Sarasote shaharchasida Emma E. Buker nomidagi maktabning boshlang‘ich sinfiga kirishga hozirlanayotgandi. Unga shu vaqtda «katta bo‘lmagan ikki motorli vintli samolyot» egizak binolardan biriga urilgani haqida xabar berishadi.

Bushga hozircha qo‘shimcha ma'lumot yo‘qligini aytishadi va u sinfga kirib, bolalar bilan muloqot qila boshlaydi.

Prezident Bushga dastlab binoga kichik samolyot urilgani haqida xabar qilishgandi

FAA halokatdan 20 daqiqa oldin birinchi samolyot olib qochilgani haqida xabardor bo‘lgan esa-da, bu haqda Vashingtondagi boshqa agentliklar ham xabardor qilingani bo‘yicha biror ma'lumot yo‘q.

Oq uydagilar ham bu haqda bilishmagan.

Vitse-prezident Dik Cheyni yangiliklarni televideniye orqali biladi va uning reaksiyasi butun dunyodagi boshqa millionlab kishilarning reaksiyasidan farq qilmaydi: «Qanday qilib, jin ursin, qanday qilib samolyot Jahon savdo markaziga urilishi mumkin?»

Taxminan shu vaqtda uchinchi samolyot - AA77 reysi terrorchilar boshqaruviga o‘tadi.

08:56

Birinchi zarbadan o‘n daqiqa o‘tib Shimoliy minoraning yuqori qavatlarida olov va tutundan qochib yashirinish uchun juda kam joy qolgandi.

Ayrimlar pastga qulay boshlaydi yoki singan oynalardan yoki o‘zi sindirib sakraydi, uch yuz metr balandlikdan yerga qulab chilparchin bo‘lishadi.

Fojia yangicha tus oladi.

09:01

FAA’ning Nyu-Yorkdagi havo harakatini boshqarish markazida butkul xaos yuzaga keladi. Ikkinchi samolyot, UA175 reysi hech qanday qarshiliksiz uchib, shahar ustiga kirib keladi, holbuki uning transponderi o‘chirilmagan, samolyotning o‘zi kursdan biroz chetga chiqqandi.

FAA’ga yana bir samolyot o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar yetib kelganida harakatlanish uchun juda kech bo‘lgandi.

09:03

UA175 Jahon savdo markazining Janubiy minorasiga, 77- va 85-qavatlar oralig‘iga kelib uriladi.

Birinchi zarbadan keyin endigina 17 daqiqa o‘tgandi.

Pastda Nyu-York tarixidagi eng yirik qutqaruv amaliyotiga tayyorlanishayotgandi.

Konstans Labetti ikkinchi samolyot Janubiy minoraga urilganida hamon zinalar bo‘ylab harakatlanayotgandi.

«Menimcha, ovozni eshitganimda endigina 72- yoki 75-qavatga yetgandim, biz kuchli shovqin ovozini eshitdik va his qildik. Odamlar zinadan pastga qulay boshlashdi. Xuddi kimdir binoni silkitayotgandek edi. Men zina suyanchig‘idan mahkam ushlab olgandim, shu tufayli yiqilmadim, ammo ko‘pchilik zinalar bo‘ylab pastga tushib ketdi», deya hikoya qilgan u 11 sentabr voqealari bo‘yicha bergan rasmiy guvohligida.

Labetti pastga qarab intilayotganida Shimoliy minora ularning binosi ustiga qulaganini taxmin qilgan.

Ammo bu vaqtda millionlab kishilar teleekranlar orqali Konstans Labetti bo‘lgan Janubiy minoraga ikkinchi samolyot kelib urilganini ko‘rib bo‘lishgandi.

Gap baxsiz hodisa haqida ketmayotgandi.

Birinchi samolyotdan farqli o‘laroq UA175 binoga urilishidan oldin burun qismi biroz pastga egilgan, shu tufayli bino ichiga chuqur kirib bormagan va yuqori qavatdagilar pastga o‘tishi uchun yo‘l qolgan.

Zinalardan biridan harakatlanish mumkin edi, ammo tutun, qorong‘ilik va aviatsiya yonilg‘isining o‘tkir hidi evakuatsiyani qiyinlashtirardi.

Yana bir muammo bor edi: shoshilinch yordam xizmatlari kelib tushayotgan qo‘ng‘iroqlarga javob berishga ulgurmaydi va odamlardan qutqaruvchilar kelguncha joyidan siljimaslik so‘raladi - murojaatchi qaysi qavatdaligi va o‘zi mustaqil ravishda pastga tushishi mumkinligidan qat'i nazar.

Jahon savdo markazining Shimoliy minorasi qulashi

Raqamlar turlicha, ammo Janubiy minorada o‘nlab kishilar samolyot kelib urilgan hududdan yuqori yoki uning pastki qismidagi qavatlardan mustaqil chiqib, tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan.

09:05

Bush hamon birinchi sinf o‘quvchilari oldida edi. Oq uy administratsiyasi rahbari Endryu Kard uning qulog‘iga egizak binolarga ikkinchi samolyot kelib urilgani haqida shipshiydi.

Prezident bosh irg‘aydi, labini qimtiydi va joyida qoladi.

«Inqirozli vaziyatda vahimaga tushish emas, ohangni tanlay olish muhim. Shu tufayli men sinfxonadan chiqish uchun qulay vaqtni kutdim. Men dramatizmga berilishni, bolalar bilan to‘la sinfda stuldan sakrab turib ularni qo‘rqitishni istamadim, shu tufayli kutishga to‘g‘ri keldi», deya hikoya qiladi Bush BBC’ning «11 sentabr: prezidentlik shtabida» nomli hujjatli filmida.

09:24

Ikkinchi halokatdan keyin American Airlines va United Airlines o‘z samolyotlari havoga ko‘tarilishini taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qiladi.

United Airlines’ning 40 yildan ortiq tajribaga ega aviadispetcheri Ed Ballinjyer esa o‘zi bilan ishlovchi barcha reyslarni ogohlantira boshlaydi.

Ulardan biri - UA93 reysi edi. Bir necha daqiqa o‘tib bu samolyot ham terrorchilar qo‘liga o‘tadi.

«Kabinaga kirishga bo‘lgan har qanday harakatni to‘xtating. Ikki samolyot Jahon savdo markaziga urildi», deyiladi Ballinjyerning qisqa xabarida.

Xabarni yaxshi anglamagan uchuvchi Jyeyson Dal javob beradi: «Ed, so‘nggi xabarni tasdiqla, iltimos, Jyeyson».

Javob juda kech boradi.

Ballinjyer hozir ham uning xabari yetarlicha aniq bo‘lmagani uchun afsuslanadi.

09:28

UA93 reysi halokat signali yuboradi. Kapitanning yoki ikkinchi uchuvchining bezovta ohangdagi ovozi eshitiladi.

Halokat signalini Ohayo shtatining Klivlend shahridagi aviadispetcherlar qabul qiladi, ammo ular endi hech narsa qila olishmasdi - samolyot qo‘lga olingandi.

UA93 reysi olib qochilishi parvozdan 46 daqiqa o‘tib ro‘y beradi, undan oldingi uch holatda bunga yarim soat ketgandi. Bu qo‘shimcha vaqt va parvoz aeroportda 42 daqiqa ushlanib qolgani reys taqdirini hal qiladi.

Livanlik Ziyod Jarra boshchiligidagi jinoyatchilar odatiy taktikani qo‘llashadi: bortdagi yo‘lovchilarga bomba bilan tahdid qilib, samolyot aeroportga qaytishini aytishadi va barchani salonning ort qismiga ko‘chirishadi.

Samolyot dum qismida turib odamlar mobil telefonlari va samolyot telefoni orqali o‘z yaqinlariga qo‘ng‘iroq qila boshlashadi. Ayrimlar terrorchilar bunga parvo qilmayotganini aytishgan.

UA93 bortidan kamida 37 qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan.

Shunday qilib yo‘lovchilar Nyu-Yorkdagi hujumlardan xabar topishadi va tezkorlik bilan harakat qilishmasa, ularni ham shu kabi qismat kutayotganini anglashadi.

09:34

Vashingtondagi Adliya vazirligidagi rasmiy shaxslar ham uchinchi samolyot olib qochilganidan xabar topishadi.

Bosh solisitor (prokuror) Teodor Olson yangilikni AA77 reysida uchgan rafiqasi Barbaradan eshitadi.

Keyinroq Olson ayoli unga nimalar deganini quyidagicha eslaydi: «Uchuvchiga nima deyishim kerak? Men unga nima deya olaman?»

FAA yarim soat mobaynida samolyotning qayerdaligini aniqlashga urinadi, ammo transponder o‘chirib qo‘yilgandi.

Amaldorlar bu haqda harbiylarga xabar berishga qaror qilishadi.

«Biz AA77’ni ham yo‘qotdik», deya xabar qiladi FAA’ning Vashingtondagi markazi AQSh havo kengliklari muhofazasi uchun mas'ul bo‘lgan Shimoliy Amerika havo-kosmik mudofaa qo‘mondonligi (NORAD)ga.

Los-Anjyelesdagi aeroportda keluvchi samolyotlar tablosi «reys bekor qilingan» degan yozuvlarga to‘lib ketgandi

Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti mas'ullari AQSh maxfiy xizmatlarini noma'lum samolyot Oq uy yo‘nalishida uchayotgani haqida xabardor qilishadi.

Mamlakat vitse-prezidenti yerosti bunkeriga olib tushiladi.

Ammo samolyot yo‘nalishini 330 darajaga o‘zgartiradi.

Endi u Oq uy yoki Kapitoliy binosiga qarab uchmasdi: u atigi 8 kilometr masofadagi Pentagon tomon maksimal tezlikda (soatiga 850 km) yo‘l oladi.

09:37

AA77 Pentagonning g‘arbiy devoriga borib uriladi. Tom ustida 60 metr balandlikda olovli shar ko‘tariladi.

Bortdagi 64 kishi va Mudofaa vazirligi shtabidagi 125 kishi portlash qurbonlariga aylanadi.

Yana o‘nlab kishilar jiddiy tan jarohatlari oladi.

Yangilik kanallari bor e'tiborini egizak binolardagi dramatik voqealarga qaratishgan, shu tufayli Pentagondagi halokat ikkinchi planda qolib ketadi.

Ammo prezident Bush buni jiddiyroq qabul qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu palladan mamlakat urush holatiga o‘tganini anglaydi.

«Birinchi samolyotni avariya sifatida qabul qilish mumkin edi. Ikkinchisidan keyin bu hujumligi oydinlashdi. Uchinchisi esa urush e'lon qilishdir», deydi keyinroq Bush.

AA77 reysi bortidan ham hech kim tirik qolmagan. Pentagon binosida ham o‘nlab kishilar halok bo‘ladi.

09:42

Pentagonga hujumdan keyin FAA bemisl chora qabul qilib, barcha tijoriy reyslarga eng yaqin aeroportga qo‘nish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.

Minglab yo‘lovchilar parvozni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Ammo bir samolyot hamon havoda edi: olib qochilgan UA93 reysining transponderi o‘chirilgandi.

09:57

Bu vaqtga kelib UA93 ekipaji va yo‘lovchilar terrorchilarni to‘xtatish uchun harakat qilishmasa halokatga mahkum ekanliklarini anglab yetishgandi.

Sobiq styuardessa Elis Hougland ushbu samolyot bortida bo‘lgan o‘g‘li Mark Binghemga ikki xabar yuboradi.

«Mark, bu oying. Sizning samolyot terrorchilar tomonidan olib qochilgan. Aftidan, ular yerda qayernidir portlatmoqchi. Ularni to‘xtatish uchun qo‘lingdan kelganini qil. Ular aqldan ozgan odamlar», deydi u birinchi xabarda.

Elis ikkinchi xabarda ham maslahat berishda davom etib, o‘g‘lini shoshilishga undaydi: «Bir reys San-Fransiskoga qarab uchmoqda. Bu sizning reys bo‘lishi mumkin, shunday ekan, imkonini qilolsang, bir necha kishini yig‘ va nazoratni qo‘lga olish uchun barcha ishni qil. Men seni yaxshi ko‘raman, azizim. Omad. Ko‘rishguncha».

Samolyotdan yo‘llangan ma'lumotlarga ko‘ra, bortdagilar o‘zaro kelishgan holda eng yaxshi strategiya - terrorchilarga hujum qilish degan qarorga kelishadi.

09:58

Janubiy minora qulab tushadi.

Qulash jarayoni atigi 11 soniya davom etadi.

Binoda qolganlarning barchasi halok bo‘ladi. Ko‘chada va Jahon savdo markazi majmuasi hududidagi Marriott mehmonxonasida bo‘lganlar orasida ham qurbonlar bo‘ladi.

Janubiy minora 11 soniya ichida qulab tushadi.

Konstans Labetti qulash va atrofni quyuq tutun qamrashidan bir necha soniya oldin binoni tark etishga ulguradi.

Keyingi kuni u barcha xodimlariga zudlik bilan tashqariga chiqishni buyurgan xo‘jayini Fatsio binodan chiqishga ulgurmaganidan xabar topadi.

10:03

UA93 yo‘lovchilari samolyot boshqaruvini terrorchilardan qaytarib olish uchun uchuvchilar kabinasiga kirish maqsadida olti daqiqa davomida harakat qilishadi.

Bort qutisidagi yozuvlarda yo‘lovchilar eshikni ochish uchun unga bir necha marta zarba berishgani qayd etilgan.

Shturvalda bo‘lgan Ziyod Jarra kabinaga hujum qilayotgan yo‘lovchilarni muvozanatdan chiqarish uchun samolyotni goh o‘ngga va goh chapga aylantira boshlaydi. Boshqa terrorchi eshikni mahkam yopib turadi.

Jarra aytadi: «Bo‘ldimi? Tugatamizmi?» Boshqa terrorchi javob qaytaradi: «Yo‘q. Hali emas. Hamma yig‘ilganda tugatamiz».

Samolyot hamon o‘z nishoni - Kolumbiya okrugining Vashington shahridan 20 daqiqalik masofada edi.

Jarra sherigidan yana bir bor samolyotni yerga qulatish haqida so‘raydi. Bu safar u «ha» deya javob qaytaradi.

UA93 reysi sho‘ng‘iy boshlaydi va terrorchilar hayqira boshlashadi.

Samolyot soatiga 950 km tezlikda sho‘ng‘ib Pensilvaniya shtatining Shanksville shahri yaqinidagi bo‘sh dala maydoniga uriladi.

Hech kim omon qolmaydi.

Oq uydagilar bir necha daqiqa davomida samolyot urib tushirilgan-tushirilmaganini bilmay turishadi: u o‘z nishoniga - Oq uy yoki Kapitoliyga yeta olmasligi uchun harbiylarga uni urib tushirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.

10:28

Shimoliy minoraga zarbadan 100 daqiqa o‘tgan.

Bu bino Janubiy minoradan ko‘ra uzoqroq bardosh beradi, ammo baribir to‘qqiz soniya ichida yer bilan bitta bo‘ladi.

Nyu-York o‘t o‘chirish xizmati boshqarmasidan bo‘lgan Bill Speyd bu vaqtda Shimoliy minoradan bir necha metr masofada turgandi. Portlash uni taxminan 12 metrga itqitib xarobalar ostiga kiritib yuboradi.

U yuqoriga chiqib olishi uchun bir soat vaqt ketadi. Keyinroq u  13 kishilik jamoadan faqat yolg‘iz o‘zi tirik qolganini biladi.

Uning UA93 reysi bortida uchgan amakisi ham shu kuni halok bo‘ladi.

Qurbonlar soni - 2977 kishi, bu 19 terrorchi hisobga olinmagan holatdagi raqam - 11 sentabr AQSh tarixiga eng o‘limvor hujumlar kuni bo‘lib kiradi.

Shuningdek, bu AQSh tarixida qutqaruvchilar uchun ham eng halokatli kun bo‘lib qoladi. Nyu-Yorkning o‘zida o‘t o‘chiruvchilardan 343 kishi qurbon bo‘ladi.

Bundan tashqari, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 400 mingga yaqin kishi portlashlar hududida zaharlar ta'siriga uchragan, turli jarohatlar olgan, shu jumladan ruhiy zarbalar ularda xronik kasalliklar keltirib chiqargan, ayrimlar keyingi bir necha oy ichida vafot etgan, bu vaqtda halokat hududida hamon tozalash va tiklash ishlari davom etardi.

11 sentabr teraktlari oqibatlari hamon davom etmoqda.

Usama bin Lodin ortidan tushgan AQSh Afg‘onistonga keladi, «Al-Qoida» 2001 yilda shu mamlakatdan boshpana topgandi.

Prezident Bushning «terrorizmga qarshi urush» doktrinasi amerikalik harbiylar 2003 yilda yana bir mamlakat - Iroqqa kirishiga olib keladi.

Teraktlardan buyon ikki o‘n yillik o‘tdi. Ushbu sanaga bir necha hafta qolganida AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishi yanada ko‘proq zo‘ravonliklar va tartibsizliklarga sabab bo‘ldi.

«Tolibon» yana hokimiyatga qaytdi.

AQShning Afg‘onistondagi missiyasi rasman yakunlandi, ammo terrorga qarshi kurash haqidagi hikoya hali tugamaydi. 

Mavzuga oid