O‘zbekiston | 22:00 / 13.09.2021
5466
3 daqiqa o‘qiladi

Bobur Bekmurodov OAV faoliyati kafolatlarini kuchaytirish uchun ko‘rilishi zarur choralar haqida gapirdi

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi haqida gapirdi.

Besh yil oldin O‘zbekiston dunyoga ochila boshladi. Transformatsion jarayonlar barcha sohalarga, jumladan, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatdi. 

Davlatimiz rahbari jurnalistlar Prezident himoyasida bo‘lishini ko‘p bora takrorlab, so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi va shaffofligi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ekanligini ta'kidlab kelmoqda. Natijada, qisqa davr ichida so‘z erkinligi va ochiqlik — jamiyatning muhim qadriyatlaridan biriga aylandi.  

Ayni paytda, yangi voqelikka moslashishga tayyor bo‘lmagan ayrim davlat xizmatchilari jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilib, OAVga bosim o‘tkazish kabi "eskicha" yondashuvlarni qo‘llash harakatlari ham uchramoqda.

Shu sababli, bizning fikrimizcha, ommaviy axborot vositalari faoliyati kafolatlarini kuchaytirish maqsadida quyidagi keyingi bosqich choralarini ko‘rish zarur, deb hisoblaymiz:

Birinchidan, "Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksga davlat xizmatchilari tomonidan jurnalistlarning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida moddani kiritish, qayta sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni belgilash kerak;

Ikkinchidan, jurnalistlarga huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini yaratish lozim. Masalan, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazida OAV uchun yuridik klinika faoliyat ko‘rsatadi. Bunday institutlarni rivojlantirish, media sohasi uchun huquqshunoslar, advokatlarni tayyorlashni keng yo‘lga qo‘yish kerak;

Uchinchidan, faol islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari ombudsmani institutini joriy etish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Balki, islohotlarning keyingi bosqichlarida, o‘zini o‘zi boshqarish yondashuvlari joriy qilinganidan keyin alohida ombudsmanga ehtiyoj qolmas, lekin bugungi kunda ushbu institut faoliyatiga aralashuv holatlari bilan faol shug‘ullanishi mumkin bo‘lardi.

Bundan tashqari, "Yuksalish" umummilliy harakati keyingi yildan boshlab ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlarini doimiy qayd qilib boruvchi "Onlayn monitor"ni ishga tushirish, har yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari reytingini e'lon qilib borishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid