Jahon | 20:17 / 14.09.2021
8135
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda toliblar hokimiyatni egallagandan keyin 153 dan ko‘proq OAV ishlashdan to‘xtagan  

Afg‘onistonda hokimiyatni “Tolibon” egallagandan keyin kamida 153 ta ommaviy axborot vositasi ishlashdan to‘xtadi. Bu haqda erkin OAVni himoyalovchi tashkilotlarga tayanib Tolo News telekanali xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, telekanallar, radiostansiyalar va bosma nashrlar o‘z faoliyatini to‘xtatishiga moliyaviy muammolar va toliblar kiritayotgan cheklovlar asosiy sabab bo‘lgan.  

Afg‘on milliy jurnalistlari ittifoqi vakili Masrur Lutfiyning aytishicha, agar xalqaro tashkilotlar ushbu muammoni hal qilishda yordam bermasa, unda “Afg‘onistonda yaqin orada erkin OAV davri poyoniga yetadi”.

“Biz xalqaro tashkilotlarni ushbu muammoni hal qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiramiz. Aks holda Afg‘onistonda matbuot erkinligi hamda boshqa inson huquqlari va erkinliklari o‘z poyoniga yetadi”, deb aytgan Lutfiy.   

Avgust oxirida toliblar tayinlagan yangi rahbarlar tomonidan bo‘shatilgan bir necha afg‘on ayol jurnalisti o‘z ishlarida tiklanishlarini talab qilishgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston mustaqil jurnalistlari uyushmasi “Tolibon”dan mamlakatda norozilik namoyishlarini yoritayotgan muxbirlarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishga hamda axborot olish haqidagi qonunni kuchga kiritishga chaqirgan.

Mavzuga oid