Jahon | 23:44 / 14.09.2021
11971
2 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts dunyo yangi pandemiyaga tayyor bo‘ladigan shartni aytdi

Foto: Sputnik

Microsoft kompaniyasi asoschisi, multimilliarder Bill Geyts insoniyat 100 kun ichida vaksina yarata olsa va yana 100 kun ichida undan dunyo aholisini emlashga yetarli miqdorda ishlab chiqara olsa, yangi pandemiyalarga tayyor bo‘lishini aytdi. Biroq uning ta'kidlashicha, ayni vaqtda ushbu yo‘nalishda yetarli sa'y-harakatlar amalga oshirilmayapti.

“Men hozirda pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tayyorgarlikka kutganimdan kamroq e'tibor qaratilayotganidan biroz xavotirdaman”, deb aytgan Geyst Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, insoniyat yangi kasalliklarga qarshi 100 kun ichida vaksina yarata olsa va yana 100 kun davomida ushbu vaksinadan butun dunyo aholisini emlash uchun yetarli miqdorda ishlab chiqara olsa, yangi pandemiyalarga tayyor bo‘la oladi.

“Ushbu muammoning yagona yechimi butun dunyo uchun 100 kun ichida yetarli miqdorda vaksinalar ishlab chiqara oladigan zavodlar bo‘lishi hisoblanadi. Buni bajarsa bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan milliarder.

Uning ta'kidlashicha, turli daromadga ega davlatlar o‘rtasida vaksinalar olishdagi tengsizlik masalasini hal qilish lozim.

Yanvarda Geyts dunyo koronavirus pandemiyasidan 10 karra yomonroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan keyingi pandemiyaga tayyor emasligini aytgan. Uning fikricha, koronavirus zilzila, tornado yoki iqlim o‘zgarishi kabi kundalik turmushning bir qismiga aylanib bo‘ldi va shu sababli davlatlar kelgusida pandemiyalarga tayyor bo‘lish uchun ko‘proq sa'y-harakatlarni amalga oshirmog‘i lozim.

Йигитали Маҳмудов
Tayyorlagan Йигитали Маҳмудов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid