Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yunusobod tumani hokimi: kompensatsiya tadbirkorning mulki buzilishidan avval beriladi
Yunusobod tumanining Ahmad Donish ko‘chasidagi do‘konlari buzilayotgan tadbirkorlarning murojaatlaridan so‘ng Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev hamda tuman hokimi Jahongir Ibrohimovlar OAV vakillari bilan uchrashdi.
Kuni kecha saytimizda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasi ta'mirlanishi doirasida shu yo‘l yuzida joylashgan bir nechta obektlar ham buzilishidan norozi tadbirkorlarning muammolari yoritilgandi.
Holatga poytaxt hokimligi mas'ullari darhol e'tibor qaratishdi. Bugun, 14 sentabr kuni qurilish bo‘layotgan Ahmad Donish ko‘chasida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev hamda Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov OAV vakillari va norozi tadbirkorga holat yuzasidan izoh berdi.

J.Ibrohimovning aytishicha, ushbu ko‘cha kengaytirilib, ayrim tadbirkorlarning mulki joylashgan hududlar qo‘shimcha yo‘l, piyoda va velosipedlar uchun yo‘laklar qurishga ajratilmoqda. Shu sababli ushbu mulklar buzilishi haqida tadbirkorlar oldindan ogohlantirilgan.
«Tadbirkor meni do‘konimni buzishdi, degan. Aslida do‘kon buzilmagan, hokimlik balansida bo‘lgan mahalla faollari yig‘ini binosi buzilgan. Shuningdek, fuqaroga mulki buzilishi haqida ogohlantirish xati ham berilgan edi. Biz unga bu joyni baholatib kelgin deb aytgandik, lekin u bu ishni qilmagan. Biz tadbirkorga joy ham ko‘rsatdik. Boshqa tadbirkorlarni mulklari, xususan bekatdagi do‘kon ham hali buzilmagan, biz ularning barchasiga o‘z mulklarini baholatib kelishini aytganmiz.

Tadbirkor o‘z mulkini baholatib kelganidan keyin unga binosi buzilishidan oldin tegishli summa to‘lab beriladi. Tadbirkor menga pul kerak emas, savdo qilishim uchun joy kerak dedi. Baholashda chiqqan summaga munosib ravishda biz tadbirkorga yer topib beramiz yoki pulini to‘lab beramiz,” – dedi Jahongir Ibrohimov.

«2013 yilda do‘konni 40 ming dollarga sotib olganman. Shuncha vaqtdan buyon do‘kon orqali tirikchiligimni qilaman. Yo‘l tushayotgani sababli hozir do‘konim buzilishga tushdi. Hozir mulkimni baholatishga topshirganman. Agar baholashda ko‘rsatilgan summaga muvofiq joy berilsa, men shunga rozi bo‘laman. Agar meni hozirgi do‘konimga o‘xshash serqatnov, markazroq joydan emas, uzoqroq joy taklif qilinsa, iloji yo‘q pulni olaman” – deydi tadbirkor Ulug‘bek Shukurov.

Shuningdek, tuman hokimi Jahongir Ibrohimov barcha OAV vakillari oldida tadbirkorga baholash markazi ko‘rsatgan zarar miqdori hokimiyat tomonidan boshqa joy bilan yoki pul ko‘rinishida to‘liq qoplab berilishiga, do‘kon shundan keyingina buzilishiga va'da berdi.

Eslatib o‘tamiz, muqaddam hokimlik vakillari tadbirkor Ulug‘bek Shukurovning savdo do‘konini uning o‘rniga beriladigan kompensatsiya shakli va miqdori bo‘yicha kelishuvga erishilmasdan turib buzib tashlashga uringan.

Tadbirkor va mahalla aholisi hokimiyat vakillarining bu harakatlarini to‘xtatib qolishgan. Hokimlik tadbirkorni do‘konni belgilangan tartibda baholatmaganlikda va xulosalarini hokimlikka taqdim etmaganlikda ayblamoqda.


Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq:
– yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbuskori hamda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektining mulkdori o‘rtasida tuziladigan yerni olib qo‘yish munosabati bilan kompensatsiya berish to‘g‘risidagi kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanadi;
– ko‘chmas mulk obektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida, belgilangan kompensatsiya to‘liq taqdim etilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.
Ta'kidlash lozimki, maqola Kun.uz saytida e'lon qilingach, Toshkent shahar hokimligi bayonot berib, masala OAV vakillari ishtirokida joyida o‘rganilishini bildirdi.
Qizig‘i, OAV va hokimlik vakillari ishtirokidagi uchrashuvdan so‘ng hokimlik tahririyatni masalaga professional yondoshganiga shubha bilan qarab, Kun.uz sayti tahririyatining “uzrini qabul qilishga tayyor ekanligini” ma'lum qildi.
Sayt xodimlarini masalani o‘rganishda “fakt cheking”ga rioya qilishga chaqirgan shahar hokimligi aftidan Yunusobod tuman hokimi va hokimlik mutasaddilarining noqonuniy xatti-harakatlarini qonunlarga muvofiq “fakt cheking” qilmagani ayon bo‘lmoqda.
Hokimlikning shu ikki bayonotiga yaqin vaqtlar ichida alohida to‘xtalamiz.
Mavzuga oid
17:12 / 07.12.2024
Toshkentda yana “snos” masalasi: odamlar va’da qilingan uylarni ololmayapti
21:55 / 16.07.2024
Tergovga tortilgan “zamhokim” tadbirkorlarni ta’qib qilmoqda. Unga kuch berayotgan amaldor kim?
15:09 / 21.05.2024
Yunusobodda niqob taqqan holda daraxt kesgan shaxslar 5 sutkaga qamaldi
12:11 / 06.05.2024