O‘zbekiston | 22:27 / 15.09.2021
8179
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ShHTning Dushanbedagi yubiley sammiti tadbirlarida ishtirok etadi

ShHTga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-17 sentabr kunlari Tojikiston poytaxti – Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi tadbirlarida ishtirok etadi. 

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Tojikiston raisligida o‘tkazilayotgan sammit ishida ShHTga a'zo davlatlar – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston va Rossiya yetakchilarining ishtirok etishi kutilmoqda.

“Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar tomonidan Belarus Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Mo‘g‘uliston prezidentlari ishtirok etadi. Majlisning faxriy mehmoni sifatida Turkmaniston rahbari taklif etilgan.

Shuningdek, tadbirda ShHT ijroiya organlari va boshqa xalqaro institutlar rahbarlari qatnashadi.

Kun tartibiga muvofiq, ishtirokchilar ShHTning o‘tgan 20 yilgi faoliyatining asosiy yakunlarini ko‘rib chiqadilar, ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalarini muhokama qiladilar. Global siyosat va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasining qabul qilinishi, davlatlar rahbarlarining qarorlari va Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir boshqa ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. ShHTga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ladi.

Bundan tashqari, prezidentimiz dasturidan hamkor davlatlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar hamda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha “ShHT – KXShT” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish o‘rin olgan”, deyiladi xabarda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid