O‘zbekiston | 08:12 / 17.09.2021
11273
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘tin yoqsakmi yoki gaz ballon?» – Andijon markazidagi «dom»da yashovchilar bu qishni ham gazsiz o‘tkazishdan xavotirda

Qish yaqinlashgani sari odamlar uyni isitish haqida o‘ylay boshlaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladiganlarga qiyin. Tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan xonadonlarda havo keskin sovishi bilan gaz bosimi ham pasayib ketadi. Ko‘pqavatli uyda ko‘mir bilan isitiladigan pechkalardan, gaz ballonlardan foydalanish xavfli. Elektr bilan isitish qimmatga tushadi, yetmaganiga chiroq ham qishda past bo‘ladi. Qisqasi qish «dom»da yashovchilar uchun muammolar fasli.

Andijon shahri, O‘rikzor mahallasi, 3-kichik daha 40, 21, 21«A» va 44-uylarda yashovchi yuzdan ziyod xonadon egalari besh yildan beri ana shunday muammolar ichida yashab kelmoqda. Gaz umuman yo‘qligi tufayli barcha idoralarga murojaat qilgan fuqarolarga Andijon shahar «Hududgazta'minot» xodimlari kelib, «dom»lar hududi «tupik» joyda ekani, ularga asosiy liniyadagi gaz taqsimlash inshootidan yangi tarmoq tortish uchun 36 million so‘mga 800 metr quvur sotib olishlari kerakligini bildirishgan. Odamlar esa bu pulni yig‘a olmagan. Qish oldidan boshi qotgan odamlar tahririyatga murojaat qildi. Biz muammolarni o‘rgangani borgan 7 sentyabr kuni ham ko‘p qavatli uylarda tabiy gaz yo‘q edi.

«Mana, 5 yildan beri biz juda qiynalyapmiz. Atrofimizda 5 ta «dom», 200 ta xonadon bor. Nogironlar, chaqaloqlarimiz bor. Qanday qilib uy isitishni bilmaymiz. Men 4-qavatda turganim bilan gaz pil-pillab, hattoki haftalab gaz bo‘lmadi. Hokimiyatdan, shahargazdan vakillar keldi. Hisoblagichlar haqida gapirmasa ham bo‘laveradi. Faqat, havo keladi. Havo keladi, hisoblagich aylanadi, shu bilan odamlarning uyida 1 milliondan qarzdorlik xati boradi.

Ko‘mir olib yoqay desak, bo‘lmaydi. Axir «dom» bo‘lsa bu. Qo‘lingizni issiq suvda yuvolmaysiz, elektr quvvati past, chiroq xira, hatto muzlatkichni o‘chirib yashadik. Isitgich qo‘yamiz desak, qaysi birini qo‘yamiz?

Hozir narigi domda, birinchi pod'yezdimizda Zuhriddinova degan ayol 90 ga yaqinlashib boryapti. O‘zi vrach, eri ham professor bo‘lgan, hattoki o‘sha ayol pechkaga o‘tin yoqdi. «Dom» oldidagi daraxt shoxlaridan kesib olib kirdi, pulga ham sotib oldi. Pensioner.

Mana, kuz keldi, yaqinda qish oralayapti. Prezidentimiz biz uchun harakat qilyapti, hammasi xalq uchun, deyilyapti. Nimaga bizning gaz xodimlari quloq solmaydi? Hokimiyatga xatlar yozilyapti, ular quloq solmaydi. Kimga borib murojaat qilamiz? Telefon qilganimizda mana shu yerga hammasi yopirilib keldi. Gaz xodimlari, ishlaydiganlari, tekshiradiganlari. Shahar hokimi o‘z og‘zi bilan aytdi, gaz hisoblagichlarni olib tashlanglar, dedi. Odamlar haqiqatda to‘polon qildi. Yanvar edi, hammamiz noiloj ko‘chaga chiqdik.

Murojaatlardan so‘ng ikkita gaz xodimi keldi. Ular gazni boshqa liniyadan tortib kelish uchun 800 metr quvur ketadi, deyishdi. Avvaliga quvurga 60 million so‘m pul yig‘asizlar, degandi. So‘ng 36 million yetadi, deb shart qo‘yishdi. Bu qanaqasi, uyimizda 500 ming pensiya oladigan qariyalar yashasa», deydi Muhabbat Zokirova.

Shu uyda yashovchi faxriy ustoz Hanifa Rahimova xonadoniga kirdik. Kuzning issiq ilk kunlari bo‘lsa-da quvurda tabiiy gaz yo‘q edi. Opa ming gugurt chaqib gazni yoqishga befoyda urindi. Xonadonda qish oldidan elektr bilan isiydigan uskunalarni tayyorlab qo‘yishibdi.

«Hozirdanoq qaltirab, qishda nima qilamiz deb o‘ylayapmiz. Yana kimnikiga ko‘chamiz? O‘tgan yili o‘rtog‘imning uyida qishladik. Bu yil Toshkentda ijaraga uy olib qishlasakmi deyapmiz. Shunga majburmiz. Chunki kichkina bolalar, nevaralar bor. Mana, elektroplita ishlatyapmiz. Hozir tok bor, lekin qishdachi? Choyni mana shu elektroplitada qaynatamiz. Gaz yonmadi, ko‘rdingiz. Manavi elektroplitani qo‘yib, choy qaynatib, keyin ovqat pishiraman. Qishda esa mana unda dimlama 10 soatda pishadi, sho‘rva 10 soatda qaynaydi.

Shuning uchun majburmiz hammamiz chiqib ketishga. «Dom»da bo‘lsak ham gaz ballon qo‘yish haqida o‘ylayapman. Qishda hech bo‘lmasa ovqat pishirish mumkin. Elektr isitgichning ahvoli mana, u ham sust ishlaydi, chunki tok yo‘q, svet pomidordek yonadi qishda», deydi Hanifa Rahimova.

Svetlana Akobjanova gaz ta'minotidagi muammolar bo‘yicha bir dasta murojaatlar va ularga javoblarni ko‘rsatdi. Yarim soat natijasizlikdan endi nima qilishga boshi qotgan ayolning so‘zlarini tingladik. Svetlana opa quvur tortish uchun gaz idorasi tomonidan aytilgan 36 million so‘m pul yig‘ilisha aholi qarshiligini bildirdi.

Yana bir xonadon egasi Tatyana Tsoy esa o‘tgan yili qishda sovuqda gazsizlikdan, elektr uzilishidan qiynalib, hatta avtomobil yo‘lini to‘sishga chiqishganini aytib berdi.

Biz o‘tgan yil 28-29 dekabr kunlari elektrosetga kirib, shartnomalarni ko‘rsatishlarini talab qildik. Ularni kim imzolagan, bunga qanday huquqi bor? Ular ulanib olganda gaz yo‘q, lekin svet bor edi, shu bois indamay turgandik, lekin elektr kuyishni boshlagach, ko‘chaga chiqishga majbur bo‘ldik. Shunda shahar hokimi keldi. U hisoblagichlarni olib tashlashni aytdi. Gaz yo‘q edi, lekin hisoblagichdan gaz hidi kelib turardi. Hokim hisoblagichlarni olib tashlab, o‘rtacha miqdorda pul to‘lash kerakligini aytib, gaz bo‘ladi, dedi. Shunday deb ketganidan beri gaz yo‘q, uyimizga kirib ko‘rishingiz mumkin», deydi Tatyana Tsoy.

85 yoshli onaxon Mahbuba Nizomiddinova, Anatiliy Barannikov Luiza Yazikovalarning ham dardini tingladik.

Ular shahar va «Hududgaz» mutasaddilari o‘tgan yilgi qishdagi muammolardan xulosa chiqarmay kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qilmayotganidan xavotirda. Ha, qish yaqin, odamlar esa qishni faqat murojaat bilan o‘tgazishdan to‘ygan.

Taajjubki, Andijon shahar «Hududgazta'minot» korxonasi yetkazib beruvchi sifatida to‘rtta ko‘pqavatli uyga 800 metr quvur mijozlar mablag‘idan emas, balki o‘z mablag‘idan tortilishini unutib qo‘ygan ko‘rinadi. Umuman olganda shahar hokimligi va «Hududgaz» mutasaddilari har yili qish faslida yuzaga keladigani muammolardan xulosa chiqarsa bo‘lardi. Ikki yil oldin shahardagi kichik dahalarda mavjud «dom»larga markazlashgan isitish tizimi o‘rnatilishi rejalashtirilayotgani aytilgan edi, lekin amalga oshmadi.

Bizga murojaat qilgan to‘rtta ko‘pqavatli uyning yuz xonadoni esa muammo yechimini kutmoqda. Ular ham O‘zbekiston fuqarosi ekanini, shu mamlakatdan qazib olinayotgan gazni sotib olib (!) yoqishga haqqi borligini unutmang, hurmatli o‘zbekistonliklarga gaz berishga mas'ul kattakonlar!

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Mavzuga oid