Prokuratura “Amirsoy” voqeasida qonunlarga og‘ishmay rioya qilgani ma'lum bo‘ldi
2021 yil 16 sentyabr kuni Kun.uz’da e'lon qilingan “Prokuratura “Amirsoy”dagi daraxtkesarlar ishini yashirib kelgan(mi?)” sarlavhali xabar yuzasidan Bosh prokuratura munosabat bildirdi. Unda ma'lum qilinishicha, prokuratura xodimlari ushbu holatda qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymagan.
Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Bo‘stonliq tumani Amirsoy hududida 700 tup mevali va manzarali daraxtlar kesilishi holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar 2021 yil 30 iyunda Toshkent viloyati prokuraturasi orqali 2021 yil 13 iyulda Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga kelib tushgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Bosh prokuratura va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan imzolangan 2021 yil 15 yanvardagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonuniylikni ta'minlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida”gi tartib talablariga rioya qilinmasdan, bir qator kamchiliklar bilan yuborilganligi bois, kamchiliklarni bartaraf etish va qayta rasmiylashtirish uchun boshqarmaga 2021 yil 15 iyulda xat bilan qaytarib yuborilgan.
Shundan so‘ng, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2021 yil 18 avgustdagi xati va to‘plangan hujjatlar to‘ldirilgan holda 2021 yil 31 avgustda viloyat prokuraturasiga qayta kelib tushgan va 2021 yil 6 sentyabrda Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga yuborilgan.
Jinoyat-protsessual qonunchilik talablari asosida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, 2021 yil 15 sentyabrda holat yuzasidan 10 kunlik muddatdan oshmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va bu haqda jamoatchilikka ma'lum qilingan.
“Yuqoridagilardan shu ko‘rinadiki, ushbu holatlarda prokuratura tomonidan qonunlarga og‘ishmay rioya qilingan.
Fursatdan foydalanib, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi, 15-moddasiga ko‘ra jurnalist o‘zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar ekanligini yana bir karra eslatmoqchimiz”, – deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.
O‘z navbatida, Kun.uz tahririyati maqolani tayyorlashda xatolikka yo‘l qo‘ygan va ma'lumotlarni yetarli darajada tekshirmasdan prokuratura idoralari ishchanlik obro‘yiga putur yetishiga sababchi bo‘lgan muxbirini intizomiy javobgarlikka tortdi.
Mavzuga oid
20:56 / 20.10.2024
9 oyda ish haqi va nafaqa pullaridan 5,2 mlrd so‘m talon-toroj qilingani ma’lum qilindi
18:34 / 11.10.2024
Prokuratura tizimida sun’iy intellekt joriy qilinadi
20:03 / 09.10.2024
Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisiga qidiruv e’lon qilindi
17:10 / 01.10.2024