Jahon | 00:00 / 18.09.2021
16179
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbeda toliblar va qarshilik kuchlari vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi

Imomali Rahmonning ta'kidlashicha, Afg‘oniston inklyuziv hukumatida tojiklar va boshqa etnik guruhlar ham munosib o‘ringa ega bo‘lishi lozim.

Foto: president.tj

Dushanbeda Tojikiston va Pokiston vositachiligida «Tolibon» harakati va Afg‘onistondagi qarshilik kuchlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkaziladi. Bu haqda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ma'lum qildi.

«Bugungi kunda o‘t ochishni to‘xtatish va aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun yo‘llarni ochish orqali Panjsher viloyatidagi nizo va keskinlikni bartaraf qilish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Tojikiston va Pokiston bu maqsadga erishish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradi. Biz Dushanbeda toliblar va tojiklar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishida hamkorlik qilishga kelishib oldik», — dedi u Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Rahmonning ta'kidlashicha, Afg‘oniston inklyuziv hukumatida tojiklar va boshqa etnik guruhlar ham munosib o‘ringa ega bo‘lishi lozim.

«Tolibon» avgust oyida Afg‘onistonning barcha viloyatlarini egalladi. Ammo Panjsher uzoq vaqt davomida qarshilik ko‘rsatib keldi.

Hozirda viloyat toliblar nazoratida, biroq Ahmad Mas'ud boshchiligidagi qarshilik kuchlari toliblarga qarshi kurashni to‘xtatgani yo‘q.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid