Paxtazorning haqiqiy egalari. Kuniga 100 kilolab paxta teruvchi navoiylik terimchilar
Ko‘pchilik Sharof Boshbekovning «Temir xotin» asarini o‘qigan, hech bo‘lmasa ushbu asar asosida suratga olingan filmni ko‘rgan. Unda Alomat ismi berilgan temir xotin aynan paxta dalasida tutab ketadi. Paxta terimi boshlangan ayni kunlarda dalalarda mehnatkash o‘zbek ayollari javlon urmoqda. Ammo ulardan hech biri kinodagi robot kabi ishdan chiqib qolmagan. Axir hozir paxtani shahardan kelgan talabalar emas, bu ishning haqiqiy ustasi bo‘lgan terimchilar teryapti-da. Kun.uz muxbiri paxta dalasida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi.
Navoiy viloyati respublikadagi eng kam paxta yetishtiriladigan hududlardan biri. Viloyatning asosan 5 ta tumanida paxta ekiladi. «O‘zagroinspeksiya» Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda viloyatda 110 800 tonna paxta yetishtirish bo‘yicha shartnoma qilingan.
Navbahor tumanining Do‘stlik massividagi «Diyorbek Hamid kelajagi» fermer xo‘jaligi dehqonlari bahorda 25 gektar ekin maydoniga chigit qadagan. Suv tanqisligi va yoz oylarida kuzatilgan kuchli garmsel bilan bog‘liq muammolarga, shuningdek, ekin maydonlari cho‘l hududida joylashganiga qaramay, hosil yomon emas. Ayni kunlarda yetishtirilgan paxta terimchilarning yordami bilan terib olinyapti.
Otryad rahbarining ta'kidlashicha, terimchilar asosan qishloq ayollari. Ularning paxta dalalariga kelib-ketishlari uchun avtobuslar ajratilgan. Shuningdek, fermer tomonidan ichimlik suvi hamda tushlikda issiq ovqat tashkillashtirilgan.
Tumanning O‘zbekiston mahallasida yashovchi 63 yoshli Gulbahor Asadova kuniga 100 kilogrammga yaqin paxta termoqda.
«Har yili mavsumda albatta paxta terimiga chiqaman. Daromadimdan bir yil sovitkich olgan bo‘lsam, bir yili mol olaman, bir yili esa farzandlarimning xarajatiga ishlataman. Hayotimiz yoshlikdan dalada o‘tgan emasmi, paxta terimi boshlanganida uyda o‘tirolmayman. Uydagilar chiqmang, deyishsa ham qanday terimga chiqib ketganimni o‘zim bilmay qolaman. Paxta etaklarim bir oy oldin tayyor turadi», deydi Gulbahor opa.
Yana bir terimchi Muborak Odilova garchi cho‘l hududi, g‘o‘zaning bo‘yi past bo‘lsa ham kuniga 100 kilogrammgacha paxta terayotganligini aytdi.
«Bu yerlar dasht joylari bo‘lgani uchun bir kunda 90 kilogrammdan oshirib teryapmiz. Imkoniyatlar yaxshi, tushlikda issiq ovqat berilyapti, o‘lchash jarayonlarida ham qiynalganimiz yo‘q, suv bor. Har yili paxta terimida qatnashaman. Daromadini to‘ylarga ishlatyapmiz, farzandlarimizni o‘qityapmiz», deydi terimchi opa.
Navbahor tuman hokimligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, joriy yil davlatga paxta topshirish rejasi 25 757 tonna bo‘lgan tumanda 187 ta fermer xo‘jaligi bor. Mavsumda tuman bo‘yicha 121 ta otryadda 11 400 nafar aholini paxta terimiga jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024