O‘zbekiston | 09:30 / 20.09.2021
3233
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ekotashabbus: 100 yoshga yetgan daraxtlarga tabiiy yodgorlik maqomi beriladi

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi daraxtlar muhofazasi bo‘yicha tashabbus bilan chiqdi. Tashabbus doirasida shahardagi 100 yosh atrofida bo‘lgan daraxtlar xatlovdan o‘tkazildi. Mutaxassislar bu daraxtlar aynan 100 yosh yoki undan katta deb ta'kidlashmayapti. Daraxtlar 80-90 yillik bo‘lishi ham mumkin.

Ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahri bioxilma-xillik masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Otabek Qosimov Toshkent shahrida keksa yoshli daraxtlar alohida muhofazaga olinishi borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassisga ko‘ra, shahar bo‘yicha 100 yosh atrofida bo‘lgan daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan va elektron bazaga kiritilib, fotoalbom va tabiiy yodgorlik ma'lumotlari tayyorlangan.

«Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 100 yosh atrofida bo‘lgan va undan oshgan daraxtlarni xatlov qilib, ularga tabiiy yodgorlik maqomini berish bo‘yicha ishlar boshlandi. Ekologiya qo‘mitasi mutaxassislari Botanika bog‘i va Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida keksa daraxtlarni aniqlab xatlovdan o‘tkazgan edi va ular elektron bazaga kiritilib maxsus fotoalbom qilindi. Undan daraxtlarga oid barcha ma'lumotlar o‘rin olgan», deydi Ekologiya qo‘mitasi mutaxassisi Otabek Qosimov.

O‘rganishlar natijasida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Yashnobod, Mirobod, Yakkasaroy, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida bir necha tup yoshi katta daraxtlar aniqlangan. Ekologiya qo‘mitasi xodimlari ushbu daraxtlarning ayrimlarini panjara bilan o‘rab, daraxtlar yoshi va turi haqida ma'lumotlar yozilgan peshlavhalar qo‘yib chiqqan.

Bu tashabbusni keng ko‘lamda amalga oshirish, ya'ni barcha daraxtlarni muhofazaga olish, ularni aholiga bildirish uchun Toshkent shahar hokimligiga taklif kiritilgan. Biroq qo‘mita mas'ullariga ko‘ra, yil boshida kiritilgan taklif bo‘yicha shahar hokimligi hanuz javob bermagan.

Kun.uz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi va poytaxt hokimligi tez orada bu masalaga e'tibor qaratib, amaliy yordam ko‘rsatadi deb umid bildiradi.

Bobur Akmalov va Mahmud Soliyev tayyorladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid