Sport | 20:18 / 20.09.2021
6062
3 daqiqa o‘qiladi

Voleybol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo chempionatini 13-o‘rinda yakunladi

12-19 sentabr kunlari Yaponiyaning Chiba shahrida o‘tgan voleybol bo‘yicha Osiyo chempionatida qatnashgan O‘zbekiston milliy jamoasi turnirni 13-o‘rinda yakunladi.

12 yillik tanaffusdan so‘ng qit'a birinchiligida ishtirok etgan vakillarimiz musobaqani «S» guruhida boshlab, kvartetdagi uchta uchrashuvda ham mag‘lub bo‘ldi. Avstraliya (0:3) va Xitoyga (0:3) qarshi o‘yinlar uch partiya davom etgan bo‘lsa, Kuvayt bilan o‘yin to‘rt partiya davom etib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lindi. Bu esa O‘zbekistonning guruhda so‘nggi o‘rinda qolishiga sabab bo‘ldi.

O‘z guruhlarida 1-2-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-off bosqichida medallar uchun kurashni davom ettirgan bo‘lsa, 3-4-o‘rinlarni band etgan yurt vakillari 9-16-o‘rin egalarini aniqlab olish uchun bahs yuritishdi.

9-16-o‘rinlari uchun kurashga kirishgan O‘zbekiston dastlab Bahraynga uch partiyada yutqazdi, turnirdagi 5-o‘yinda esa Hindistonga ham imkoniyat boy berildi - 0:3.

Natijada so‘nggi o‘rinlar – 13-16-o‘rinlar uchun kurash kechgan bahslarda O‘zbekiston dastlab beshta partiyada Taylandni 3:2 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, 19 sentabr kuni 13-o‘rin uchun kurashda Hongkong uch partiyada 3:0 hisobida mag‘lub etildi.

Chempionlik uchun kechgan final bahsida esa Eron mezbon Yaponiyani uch partiyada 3:0 hisobida mag‘lub etib, 4 yil ichida ketma-ket ikkinchi marta Osiyo chempioniga aylandi. Forslar vakili Sobir Kozimi turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilib, MVPga loyiq ko‘rildi. Yaponiya – kumush, Xitoy – bronza sohibiga aylandi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston voleybol milliy jamoasi so‘nggi marotaba bundan 12 yil muqaddam qit'a chempionatida ishtirok etgandi. Keyinchalik O‘zbekiston turli sabablarga ko‘ra Osiyo chempionatiga bormagani sababli Osiyo voleybol konfederatsiyasi O‘zbekiston voleybol federatsiyasini qit'a miqyosidagi har qanday musobaqada ishtirok etishini taqiqlab qo‘ygandi.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid