Jahon | 22:34 / 22.09.2021
16211
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng xavfsiz shahri ma'lum qilindi

Xalqaro tadqiqotchilar dunyoning 60 ta shahrida jinoyatchilik va xavfsizlik darajasini tahlil qilib, olingan natijalar asosida dunyoning eng xavfsiz shaharlari reytingini tuzishdi.

Ekspertlar shaharlarni raqamli ma'lumotlar, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, atrof-muhit xavfsizligi  va shaxsiy xavfsizlik mezonlari bo‘yicha baholashgan. The Economist Intelligence Unit reytingi mutaxassislari olingan natijalar asosida Daniya poytaxti Kopengagenni dunyoning eng xavfsiz shahri deb topishgan. Kopengagen maksimal 100 balldan 82,4 ball to‘plagan.

Daniya poytaxti 2019 yilgi reytingdagi 8-o‘rindan 1-o‘ringa asosan ekologik xavfsizlik evaziga ko‘tarilgan. Shahar shaxsiy xavfsizlik darajasi bilan birga ushbu mezon bo‘yicha yuqori natijalar ko‘rsatgan.

“Kopengagenni eng xavfsiz shahar qiluvchi muhim omillardan biri jinoyatchilik darajasining pastligi hisoblanadi. Ayni vaqtda u 10 yildan ko‘proq vaqt ichida eng past darajada”, deb aytilgan hisobotda.

Yuqori uchtalikdan Kanadaning Toronto shahri (82,2 ball) va Singapur (80,7 ball) ham joy olgan. Eng xavfsiz shaharlar o‘ntaligiga Sidney (80,1 ball), Tokio (80 ball), Amsterdam (79,3 ball), Vellington (79 ball), Hongkong va Melburn (78,6 balldan) hamda Stokholm (78 ball) kiritilgan. 

Alohida mezonlar kesimida raqamli ma'lumotlar xavfsizligi bo‘yicha Sidney, sog‘liqni saqlash bo‘yicha Tokio, infratuzilma xavfsizligi bo‘yicha Hongkong, shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha Kopengagen va atrof-muhit xavfsizligi bo‘yicha Yangi Zelandiya poytaxti Vellington eng ko‘p ball olgan.  

Mavzuga oid