O‘zbekiston | 19:45 / 22.09.2021
5449
2 daqiqa o‘qiladi

«Elektr tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulangan iste'molchilar tizimga qariyb 6 mlrd so‘m zarar yetkazdi» – O‘zenergoinspeksiya

O‘zenergoinspeksiya tomonidan elektr tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulangan iste'molchilarni aniqlash maqsadida 265 ta tadbir o‘tkazilib, tizimga 5,9 mlrd so‘m zarar keltirish holatlari aniqlangan.

O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmatining rahbari Navro‘z Norboboyevning ma'lum qilishicha, joylardagi o‘rganishlar natijasida iste'molchilar tomonidan elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, elektr energiyadan qoidalarga zid ravishda foydalanish holatlari aniqlangan.

«35 kVt va undan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalariga ega bo‘lgan iste'molchilarda 28 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, inson hayotiga xavf soluvchi va avariyaviy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan 135 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi nasos stansiyalarida va boshqa davlat tashkilotlarida 47 ta tekshiruv o‘tkazildi. Mazkur tekshiruvlarni o‘tkazish davomida elektr va issiqlik energiyasidan foydalanishda amaldagi qoida va belgilangan nizom talablari buzilgan 706 ta qoidabuzarlik aniqlandi.

Bundan tashqari, elektr tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulangan iste'molchilar yuzasidan 265 ta tadbir o‘tkazilib, tizimga 5,9 mlrd so‘m zarar keltirish holatlari aniqlandi», – deydi mutaxassis.

Avvalroq, joriy yilning I choragida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida jami 166 ta iste'molchi tomonidan elektr energiyadan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, ushbu qoidabuzarlik yuzasidan tizimga yetkazilgan zarar bo‘yicha jami 1 mlrd 825 mln so‘m elektr energiya miqdori qayta hisob-kitob qilingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid