Sport | 14:05 / 22.09.2021
13973
3 daqiqa o‘qiladi

Hakamlar qancha gonorar oladi, translatsiyalardan qancha daromad ko‘rildi? PFL so‘nggi bir yildagi o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston professional futbol ligasi so‘nggi bir yil davomida tashkilot tomonidan qilingan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi.

2020 yilning iyun oyida futbol uchrashuvlari pandemiya sabab ikki marta to‘xtab qolgandi. Mana shunday murakkab sharoitda O‘FA prezidenti O‘zPFL o‘zgarishlarga muhtoj ekanini qayd etdi va unga yangi rahbar tayinlash taklifini berdi. 

O‘zbekiston milliy chempionati o‘yinlarini o‘tkazadigan PFL ishni eng avvalo tashkilotning yuzi bo‘lmish rasmiy saytini to‘liq yangilab, barcha natijalar va statistik ma'lumotlar joy olgan bazaga aylantirdi. Rasmiy sahifada barcha professional klublarning tarkibidan tortib, qaysi o‘yinchi necha daqiqa to‘p surgani va gol urgani haqida ma'lumotlar tezkorlik bilan kiritilmoqda. Bugungi kunda musobaqalar reglamentini avvalgidek faqat rus tili emas, o‘zbek tilida ham saytdan yuklab olish ham mumkin.

PFL tomonidan e'lon qilingan videoda qayd etilishicha, tashkilot o‘yinlarda ishlagani uchun hakamlarga haq to‘laydi, ammo ularni uchrashuvlarga tayinlash va tayyorlash O‘FAning zimmasidagi vazifa. Bosh hakamlarning har o‘yindagi o‘rtacha gonorari 2021 yilga qadar 300 AQSh dollargacha bo‘lgan bo‘lsa, bu yil mazkur raqam 550 dollargacha ko‘tarilgan. 

Shuningdek, PFL onlayn-translatsiyalardan ham pul ishlashga o‘tgan. Tashkilot 2020 yilda «My Cujoo» portali bilan hamkorlikdan 27 ming yevro daromad olgan bo‘lsa, joriy mavsum birinchi yarmida 24 ming yevro daromad qilingan. Superliga o‘yinlaridan gollar va o‘yin sharhini namoyish etish huquqi ham PFL tomonidan ilk marta Tribuna.uz va Championat.asia saytlariga 100 million so‘mdan sotilgan. Yana bir jihati - tashkilot Superligadan keyingi turnir – Pro ligani ham translatsiya qilish huquqini «UzReportTV» telekanaliga berdi va bu musobaqa ham o‘z tarixida ilk marta keng qamrovda jonli efirga olib chiqildi.   

Qayd etish joiz, o‘tgan 1 yil vaqt ichida O‘zPFL jamoatchilikning o‘ziga bo‘lgan qarashlarini bir qadar o‘zgartirishga erishdi. Tashkilot bu borada jiddiy mehnat qilgan deyish mumkin.

Mavzuga oid