Jahon | 14:33 / 22.09.2021
16394
8 daqiqa o‘qiladi

Skripallarning zaharlanishi. Britaniya yana bir gumonlanuvchiga ayblov e'lon qildi

Britaniya politsiyasi Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishiga aloqador hisoblangan uchinchi rossiyalik nomini rasman ma'lum qildi.

Foto: METROPOLITAN POLICE

Politsiya bu shaxs Denis Sergeyev bo‘lib, u «Sergey Fedotov» laqabi ostida harakatlanganini aytgan.

Sergey Skripalning zaharlanishi ishida yana bir shaxs ishtirok etgani haqidagi xabarlar OAVda 2019 yil boshidayoq paydo bo‘lgandi. O‘shanda Bellingcat tadqiqotchilari «Fedotov» to‘qima nom bo‘lib, u aslida Denis Sergeyev ekanini aytishgandi.

Keyinroq BBC Denis Sergeyev Rossiya Bosh razvedka boshqarmasida general-mayor rutbasida ekanini aniqlagandi. Sergeyev Skripalning zaharlanishida ayblanayotgan guruhga rahbarlik qilgan bo‘lishi mumkin.

«Bu favqulodda qo‘pollik bilan amalga oshirilgan jinoyat edi. Vijdonsizlarcha va qasddan qilingan hujum», deya zaharlanish voqeasiga munosabat bildirgan IIV rahbari Priti Patel.

Sergeyev Londonda

Suratda - Denis Sergeyev (u "Sergey Fedotov" laqabidan foydalangan) Londonga kelgan vaqtida

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘zini Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov deb atagan ikki shaxs 2018 yil 2 martida Gatvik aeroportiga kelishgan. Keyinroq Bellingcat surishtiruvida ularning haqiqiy nomlari ma'lum bo‘ldi. Britan politsiyasi ham buni tasdiqlagan: jurnalistlar xato qilmagan - ularning haqiqiy ism-shariflari - Aleksandr Mishkin va Anatoliy Chepiga bo‘lgan.

Hujjatlarda «Sergey Fedotov» sifatida keltirilgan Denis Sergeyev o‘sha kuni tonggi soat 11da Londonning boshqa bir aeroporti - Hitrouga qo‘ngan.

4 mart, yakshanba kuni Chepiga va Mishkin Solsberiga yo‘l olgan. Sergey va Yuliya Skripal o‘sha kuni zaharlangan.

Sergeyev Solsberiga bormagan - butun vaqtini Londonda o‘tkazgan. Politsiya xabariga ko‘ra, u so‘nggi daqiqalarda London - Moskva reysiga chipta olib, 4 mart kuni soat 13:45da Britaniyadan uchib ketgan. Qolgan ikki gumonlanuvchi samolyotga soat 22:30da chiqishgan.

Bu havo-desant kuchlari kapitani bo‘lgan Denis Sergeyevning intervyusidan stop-kadr. Bellingcat xodimlari aynan shu shaxs keyinroq GRU ofitseri bo‘lgani va Sergey Fedorov laqabini olganini aniqlashgan / RUSSIAN ARMY

Britaniya politsiyasi endi ularda yetarlicha dalillar borligini ma'lum qilmoqda: bu uch rossiyalik bir jamoa bo‘lib harakatlangan, ular Londondagi qisqa safar vaqtida bir necha marta uchrashgan: ba'zida - ochiq havoda, ba'zida - yopiq inshoot ichida, ammo politsiya bu uchrashuvlar aynan qayerda bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Britaniya politsiyasining hisoblashicha, Sergeyev boshqa gumonlanuvchilar qatori ayni vaqtda Rossiyaga yashiringan. Moskva esa hamisha «Solsberidagi hodisa»ga aloqadorligini inkor etib keladi.

Britaniya politsiyasi "Boshirov", "Petrov" va "Fedotov" Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqadorligini aytadi / BELLINGCAT, THE INSIDER

Chepiga, Mishkin va Sergeyevga qotillik maqsadida fitna uyushtirish, qotillikka urinish, tan jarohatlari yetkazish, shuningdek, kimyoviy qurol saqlash va uni qo‘llash bo‘yicha sirtdan ayblov e'lon qilingan. Britaniya hukumati yaqin vaqtlar ichida ma'lumotlarni Interpolga jo‘natadi.

«Endi bizda ularning GRU bilan aloqadorligiga oid ma'lumotlar bor», deya ma'lum qilishgan Britan politsiyasidagilar.

Bitta raqamdan qo‘ng‘iroq
2019 yil yozida Bellingcat va BBC Denis Sergeyevning Londonga safari tafsilotlaridan voqif bo‘ldi. Sergeyev Londondagi Paddington vokzali atrofida yashagan, uning sheriklari esa shaharning boshqa qismidagi mehmonxonada turishgan.

Yana bir kamera Sergeyevning aeroportdagi harakatini qayd etgan / ALAMY

Sergeyev bu kunlar mobaynida 3G va 4G orqali yuz martalab internetga kirgan, jamoat uchun WiFi’lardan foydalanmagan. U asosan WhatsApp, Viber va Telegram orqali xabarlar yozgan.

Sergeyev faqat bitta telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Bu raqam Rossiya qonunchiligiga zid ravishda bir necha yildan buyon kimningdir nomiga rasmiylashtirilmagan. Sergeyevning o‘zi bu raqamdan o‘n marta qo‘ng‘iroq amalga oshirgan.

U vaqtining katta qismini Paddington hududida o‘tkazgan, ammo 3 mart kuni tongda Temza sohiliga borgan. Agar bu ma'lumot politsiyaning avvalroq gumonlanuvchilarning harakat yo‘nalishi bo‘yicha e'lon qilingan ma'lumotlari bilan solishtirilsa, aynan shu yerda u «Petrov» va «Boshirov» bilan uchrashgan, shundan keyin poyezdga o‘tirib Solsberiga yo‘l olgan.

Bu Bellingcat Sergeyevning mobil telefoni billing ma'lumotlarini qo‘lga kiritib, ularni BBC bilan bo‘lishganidan so‘ng ma'lum bo‘ldi. Bellingcat ma'lumotlari shuni ko‘rsatadiki, «Sergey Fedotov» undan avval ham ikki marta, 2016 va 2017 yillarda Britaniyada bo‘lgan. 2017 yilda u mamlakatda polkovnik Aleksandr Mishkin bilan bir vaqtda bo‘lgan.

2019 yil fevralida Sergeyevning rafiqasi Tatyana BBC bilan telefon muloqotida uning turmush o‘rtog‘i Razvedka boshqarmasida xizmat qilishi haqidagi ma'lumotni «ertak» deb atagan. Shu bilan birga, u Sergeyev qayerda ishlashi haqidagi savolga javob qaytarishdan bosh tortgan.

 

Bolgariya va Chexiyaga safarlar
«Fedotov» muqaddam bir necha marta Bolgariyada bo‘lgan, buni ushbu davlat rasmiylari tasdiqlagan. Bellingcat xabariga ko‘ra, 2015 yil aprelida «Fedotov» ushbu mamlakatga uchib kelgan, ammo qaytish reysida qayd etilmagan.

Aynan shu vaqtlarda Bolgariyada qurol savdosi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tadbirkor Emilian Gebrev va uning atrofidagilar zaharlangan. 2015 yil 28 aprelida Gebrev biznes-hamkorlar bilan kechki ovqatdan keyin o‘zini yomon his qila  boshlagan. Yana ikki kishi - Gebrevning o‘g‘li va uning kompaniyasidagi top-menejyerlardan birining ham ahvoli yomonlashgan. Ularning barchasi og‘ir darajada zaharlanish belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Keyinroq Gebrev laboratoriyaga ekspertiza buyurtma qilgan, mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, tadbirkorni asab tizimini falajlovchi «Novichok» toifasidagi modda bilan zaharlashgan. Bu modda Sergey Skripal yashagan uy eshigida ham aniqlangandi.

Pragalik jurnalistlar ma'lumotlariga ko‘ra, «Fedotov» Chexiyaga ham kelgan. Tadqiqotda ishtirok etgan Respekt nashri 2014 yil yanvarida u Chexiyaga Aleksandr Mishkin bilan birga kelganini yozgan.

O‘sha yilning oktabr va dekabr oylarida Chexiyada ikki marta o‘q-dori omborlarida portlashlar sodir bo‘lgan. Chexiyalik tergovchilar bu portlashlar ortida GRU josuslari Aleksandr Mishkin va Anatoliy Chepiga turganini ma'lum qilgan. Ikki ayblanuvchi ham qidiruvga berilgan.

«Aleksandr Petrov» va «Ruslan Boshirov» bir marta intervyu berishgan - Solsberida Skripallar zaharlanishi hodisasidan keyin RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanga. Ularning ikkisi ham fitnes-industriya sohasida ishlashlari, shu tufayli tez-tez Yevropaga safarlar qilib turishlarini aytishgan. Solsberiga safarni esa diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish istagi bilan izohlashgan.

Mavzuga oid